Fan-texnika | 19:26 / 28.04.2016
2711
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy kompaniyasining egiluvchan displey va korpusga ega smartfoni

Elektronika ishlab chiqaruvchi Samsung va LG kompaniyalari bir necha yillardan beri butunlay egiluvchan displey prototiplarini namoyish etib kelishmoqda. Biroq bukiluvchan smartfon ko‘rinishidagi tugallangan tayyor mahsulot hanuzgacha ishlab chiqarilmadi. Bu borada xitoylik raqiblar Koreyaning gigant kompaniyalaridan o‘zib ketishlari mumkin.

Yaqinda Chuntsinda tashkil etilgan ko‘rgazmada hech kimga ma'lum bo‘lmagan Xitoyning Interim nomli ishlab chiqaruvchi kompaniyasi o‘zining egiluvchan Android-smartfonini namoyish etdi. Smartfonda moslashuvchan OLED-displeyi o‘rnatilingan bo‘lib, u grafen asosida tayyorlangan. Videoda tasvirlanishicha, qurilma ko‘rgazma mehmonlaridan birining qo‘lida osongina buklanmoqda va o‘z funksionalligini mutlaqo saqlab qolmoqda.

Hozircha taqdim etilgan rolikda smartfon ishlashidagi muammo va kamchiliklar ko‘zga tashlanmagan. Faqatgina displeydagi tasvirning sifati biroz ko‘ngilni xira qiladi.

Shu sababli Interim shunchaki texnologik namunani taqdim etgan deb hisoblash mumkin. Tugallangan mahsulot esa tez orada elektron bozorga chiqishi kutilmoqda. Qurilma prototipining qandaydir texnik hususiyatlari to‘g‘risida hech qanday ma'lumotlar yo‘q.