Iqtisodiyot | 19:24 / 29.04.2016
14409
4 daqiqa o‘qiladi

2016 yilning 1-choragida O‘zbekistonda 53,1 ming tonna sabzavot yetishtirildi

Vazirlar Mahkamasining "2016 yilda meva-sabzovot mahsulotlari, kartoshka, poliz mahsulotlari va uzum yetishtirish hamda ulardan foydalanishning prognoz parametrlari to‘g‘risida" 2016 yilning 4 yanvaridagi 1-son qaroriga muvofiq joriy yilda 10 mln 458 ming tonna sabzavot, 1 mln 980 ming tonna poliz ekinlari, 2 mln 833 ming tonna kartoshka, 2 mln 874 ming tonna ho‘l meva, 1 mln 601 ming tonna uzum mahsulotlari yetishtirish belgilab olingan.

2016 yilda barcha toifa xo‘jaliklarining asosiy, oraliq va takroriy maydonlariga sabzavot, poliz va kartoshka ekinlarini ekish uchun jami 2875 tonna sabzavot urug‘i, 613,5 tonna poliz urug‘i va 446,1 ming tonna kartoshka urug‘lari hamda 12,6 mln dona mevali va 10,3 mln. dona tok ko‘chatlari fermer xo‘jaliklari va aholi xonadonlariga yetkazib berilgan. Bu haqda O‘zbekiston respublikasi qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi saytida keltirilgan "2016 yil 1 choragida meva-sabzavot, poliz va kartoshka mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida" hisobotda ma'lum qilingan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi mahsulot yetishtiruvchi sub'yektlar bilan tayyorlovchi korxona va tashkilotlar o‘rtasida 4,0 mln. tonna meva-sabzavot, poliz, kartoshka va uzum mahsulotlariga shartnomalar tuzilgan.

Respublika bo‘yicha 2016 yilda barcha toifa xo‘jaliklarining asosiy maydonlariga 204,6 ming gektar sabzavot (sabzi, pomidor, piyoz, karam va boshqa ekinlar), 86,1 ming gektarga kartoshka va 52,8 ming gektariga poliz ekinlari ekish belgilangan. Joylardan olingan daslabki ma'lumotlarga ko‘ra hisobot davrida 185 ming gektar maydonga sabzavot, 26,2 ming gektar maydonga poliz va 91,2 ming gektar maydonga kartoshka ekinlari ekilgan.

Dehqon va fermer xo‘jaliklari tomonidan erta bahorda asosiy maydonlarga sabzavot, poliz va kartoshka ekinlari ekish ishlari davom etmoqda.

Respublikaning dehqon va fermer xo‘jaliklarda 266,8 ming gektar bog‘lardan 210,7 ming gektari hosilli, 143,9 ming gektar tokzorlardan 119,7 ming gektari hosilli bo‘lib, ularning hosildorligini oshirish, sifatini yaxshilash va ishlab chiqarishni ko‘paytirish uchun bahorgi muhim agrotexnik tadbirlari fermer va dehqon xo‘jaliklari tomonidan sifatli va o‘z muddatida o‘tkazilmoqda.

2016 yilning 1 aprel holatiga ko‘ra, respublika bo‘yicha 8,1 ming gektar pakana va yarim pakana (intensiv) mevali bog‘lar hamda 4,8 ming gektar yangi tokzorlar barpo etildi.

Respublikadagi bog‘dorchilik va uzumchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklarining yaroqsiz bog‘ va tokzorlar rekonstruksiya qilish ishlari bo‘yicha 6 ming gektar mevali bog‘lar va 3,5 ming gektar tokzorlar rekonstruksiya qilindi.

Bugungi kunda yangi bog‘-tokzorlar va intensiv bog‘lar barpo etish va ekish ishlari davom etmoqda.

2016 yil 1-choragi yakuniga ko‘ra 53,1 ming tonna, ya'ni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 110,6 foizga ko‘p sabzavot mahsulotlar yetishtirilgan.

Prognoz ko‘rsatkichlarida belgilangan hajmlarda mahsulotlarni yetishtirish davom ettirilmoqda.