Abdulaziz Komilov YeIning maxsus vakili bilan uchrashuv o‘tkazdi
2016 yilning 29 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Piter Burianni qabul qildi. Bu haqda TIV matbuot xizmati axborot berdi.
Suhbat davomida O‘zbekiston va YeI o‘rtasidagi hamkorlikning dolzarb masalalari hamda xalqaro va mintaqaga oid mavzular muhokama qilindi.
Muloqot chog‘ida ikki tomonlama shakldagi va YeIning Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi hamkorlik strategiyasi doirasidagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish jarayoni yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuvda bo‘lajak qo‘shma tadbirlar, jumladan, Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan «O‘zbekiston neft va gazi — OGU-2016» xalqaro konferensiyasida YeIning yuqori darajadagi delegatsiyasi ishtirokining amaliy jihatlari hamda parlamentlararo va boshqa uchrashuvlar, O‘zbekiston va YeI tomonidan tashkil etilgan hamkorlik institutlari majlislari jadvali ham ko‘rib chiqildi.
Muzokaralarda YeIning O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari, elchi Yuriy Shterk ishtirok etdi.