Jamiyat | 08:10 / 29.04.2016
2328
2 daqiqa o‘qiladi

Bokschi Pakyao terrorchilar tahdidi tufayli oilasi qo‘riqlanishini kuchaytirdi

8 ta vazn toifasi bo‘yicha sobiq jahon chempioni, filippinlik Menni Pakyao terrorchilar tahdidi tufayli oilasi qo‘riqlanishini kuchaytirdi. Bu haqda 28 aprelda bokschining o‘zi ma'lum qildi. Uning so‘zlarini Times LIVE keltirib o‘tdi.

Filippin prezidenti Benigno Akino "Abu-Sayaf" terrorchilik guruhi jangarilari Menni Pakyao yoki uning farzandlaridan birini o‘g‘irlab ketmoqchi bo‘lganlarini ma'lum qildi. 

"Men prezidentning aytgan so‘zlarini eshitgach, qattiq tashvishlana boshladim. Bundan hayron bo‘ldim, chunki barcha filippinliklarni o‘zimning do‘stlarim deb hisoblayman. Men ularning barchasini yaxshi ko‘raman, ayniqsa musulmonlarni. Bu xabardan keyin oilam qo‘riqlanishini kuchaytirdim", deb aytdi bokschi.

4 aprelda noma'lum kimsa Los-Anjyelesda Pakyao oilasi va do‘stlari bilan yapon restoranidan chiqqandan keyin unga hujum qilib qolgandi.

Pakyao 10 aprelda o‘zining faoliyatidagi so‘nggi jangida amerikalik Timoti Bredlini mag‘lub etdi.

Ayni vaqtda bokschi may oyida bo‘lib o‘tadigan Filippin senatiga saylovlarda o‘z nomzodi bilan ishtirok etmoqda.