Tsukerbergning xavfsizligini ta'minlash uchun 3 yilda 12 mln dollar sarflandi
Facebook asoschisi Mark Tsukerbergning xavfsizligini ta'minlashga kompaniya 3 yil davomida 12 million dollardan ortiq mablag‘ sarflagan. Bu haqda Bloomberg xabar tarqatdi.
Ijtimoiy tarmoq vakillarining so‘zlariga ko‘ra, Tsukerberg muntazam ravishda turli tahdidlarga duch keladi, shuning uchun kompaniya uning San-Frantsiskodagi uyini qo‘riqlash tizimiga millionlab dollarlar sarf etadi. Qolaversa, sayohatlar uchun tansoqchilar guruhi jalb etiladi. Guruhni avval Barak Obamani qo‘riqlagan Maxsus xizmat sobiq xodimi boshqaradi. Yosh milliarder dunyo bo‘ylab harakatlanganda ham kompaniya taqdim etgan avtomobil va samolyotlardan foydalanishni ma'qul ko‘radi.
Shunday qilib, Tsukerbergning xavfsizligini saqlashga sarflangan mablag‘ 2013 yilda 2,65 million dollar, 2014 yilda – 5,6 million, 2015 yilda esa - 4,26 million dollarni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich ijtimoiy tarmoq rahbariga Standard & Poor’s tomonidan tuzilgan reytingda xavfsizlikni saqlashga sarflangan xarajatlar bo‘yicha birinchi o‘rinni egallashiga sabab bo‘ldi.
Reytingda ikkinchi o‘rinni egallagan Oracle kompaniyasi asoschisi Larri Ellisonni qo‘riqlashga 2015 yilda 1,53 million dollar sarflangan.