Di Natale 12 yil o‘ynagan jamoasi «Udineze»dan mavsum yakunida ketishini ma'lum qildi
Antonio Di Natale mavsum yakunlangach «Udineze»ni tark etishi haqida ma'lum qilgan. Ammo, u butsalarini mixga ilishga shoshilmaydi.
Udineliklar jamoasi saftida ayni vaqtda 38 yoshga chiqqan bu futbolchi 2004 yildan buyon o‘ynab keladi. U shu vaqtgacha jamoa safida 439 uchrashuv o‘tkazgan va 226ta gol urgan. Di Natale A Seriya tarixidagi to‘purarlar ro‘yxatida 208 goli bilani oltinchi o‘rinda joylashgan. U to‘rtinchi va beshinchi pog‘onada 216tadan gol muallifi bo‘lgan holda joylashgan Juzeppe Meatstsa va Joze Altafinini quvib o‘tish imkoniyatiga ega.
«Bu mening hayotimdagi eng yaxshi 12 yil bo‘ldi. Ammo mening „Udineze“dagi faoliyatim filmlardagi kabi abadiy bo‘lmaydi va men endi bu yerda bosh qahramon emasman. Men boshimni tik tutgan holda jamoadan ketmoqchiman, jamoa uchun qo‘limdan kelganicha o‘ynadim. Jamoa uchun qilgan ishlarimdan faxrlanishim mumkin. Men o‘ynashni bas qilmoqchi emasman. Hali gollar urib, Juzeppe Meatstsadan o‘zib ketishga harakat qilaman», — deya Di Natalening so‘zlarini keltiradi Football Italia nashri.
Di Natale Italiya terma jamoasi safida 42ta o‘yinda ishtirok etib, 11ta gol urgan. U milliy terma jamoa bilan 2012 yilgi Yevropa chempionatining kumush medali sovrindori bo‘lgan. Futbolchi butun faoliyati davomida biron marta ham Italiya chempioni bo‘lmagan.