Jahon | 08:43 / 29.04.2016
2244
2 daqiqa o‘qiladi

Iroq hukumati: IShID baliq va avtomobillar sotish orqali pul topishni yo‘lga qo‘ygan

IShID jangarilari pul ishlab topish uchun baliq va avtomobillar sotishga o‘tgan. Bu haqla Iroq sud tizimidagi amaldorlardan biriga asoslanib, Reyter agentligi xabar tarqatgan.

Iroq markaziy tekshiruvlar byurosi ma'lumotiga ko‘ra, baliq xo‘jaligi va avtomobillar savdosi orqali jangarilar oyiga millionlab dollar daromad ko‘rmoqda.

"Tashkilotning moliyaviy qudrati avvalgidek emas. Hukumat qo‘shinlari bir nechta neft havzalarini qaytarib olgach, IShID o‘z harbiy amaliyotlarini moliyalashtirish uchun noan'anaviy yo‘ldan bordi va o‘z jangarilariga to‘lash uchun yangi yo‘ldan bordi", deydi sud vakili Jabbor Obid al-Hushaymiy.

Uning ma'lumotiga ko‘ra, Iroqdagi yuzlab ko‘llardagi baliqlar ovlanmoqda va IShID nazoratidagi hududlarda qo‘lga kiritilgan avtomobillar sotilmoqda.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligi sohasidagi soliqlar oshirilgan.

26 aprel kuni IShIDga qarshi harbiy harakatlar bo‘yicha qo‘mondon o‘rinbosari, amerikalik general Piter Girsten tashkilotda xorijiy yollanma jangarilar uchun to‘lashga pul qolmaganini ma'lum qilgandi.

Amerika maxsus xizmatlari ma'lumotiga ko‘ra, ayni vaqtda IShID safida 20 mingdan 25 minggacha jangari bor. O‘tgan yilgi ma'lumotlarda bu raqam 31 ming nafar edi.

Bundan oldinroq, jahon bozorida neft narxi pastlashi tufayli IShIDning oylik daromadi 30 foizga qisqargani haqida ma'lum qilingandi.