Jahon | 23:16 / 29.04.2016
4825
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: Hindistonda aprel boshidan issiqdan 300 dan ko‘proq odam halok bo‘ldi 

Hindistonda aprel boshidan issiqdan 300 dan ko‘proq odam halok bo‘ldi, deb xabar bermoqda hind OAVi. Avvalroq 150 kishi halok bo‘lgani ma'lum qilingandi.  

Indian Express gazetasi ma'lumotiga ko‘ra, Telangan shtatida 137 kishi, Odishada esa 119 kishi halok bo‘lgan. 

Bixar shtatida issiq ob-havo tufayli va yong‘in chiqishi sababli 66 kishi halok bo‘lgan. O‘rtacha harorat 42 gradus issiq bo‘layotgan Bixarda hokimiyat soat 9 dan 18 gacha olovda taom pishirishni taqiqlab qo‘ydi. Bundan tashqari, hokimiyat olov bilan bog‘liq marosimlarni o‘tkazish, hosil yig‘ilgandan keyin maydonga o‘t qo‘yishni ham taqiqlab qo‘ydi.   

Hindistonning ob-havo departamenti rasmiy ma'lumotlariga ko‘ra, joriy yilda apreldan iyungacha davom etadigan issiq mavsumda butun mamlakat bo‘ylab havo haroratining me'yordan o‘rtacha 1 gradus yuqoriroq bo‘lishi kutilmoqda. Ob-havo mutaxassislari joriy yilda Hindistonning markaziy va shimoli-sharqiy qismida issiq havo bo‘lishini prognoz qilishmoqda.   

Rasmiy statistikaga ko‘ra, o‘tgan yili issiqlik tufayli Hindistonda 2135 kishi, 2014 yilda 549 kishi, 2013 yilda esa 1433 kishi halok bo‘lgan.