Parijdagi tartibsizliklar tufayli 24 kishi hibsga olindi
28 aprel kuni kechasi Fransiya poytaxti Parij shahrida huquq-tartibot xodimlariga zo‘ravonlik qilgani va turli zararlar yetkazgani uchun 24 kishi qo‘lga olingan. Bu haqda 29 aprel kuni France-Presse agentligiga tayanib TASS xabar berdi.
“Mahalliy vaqt bilan tungi soat 03:30 (Toshkent vaqti bilan 29 aprel kuni tongidagi soat 6:30)gacha huquq-tartibot organlari xodimlariga buyumlar otildi. Politsiyachilar ham, namoyishchilar ham jarohatlangani qayd etilmagan”, -deyiladi politsiya xabarida. Agentlikka ko‘ra, namoyishchilar ikkita avtomobil va ikkita motorollerni yoqib yuborishgan. Qo‘lga olinganlarning ishlari sudda ko‘rib chiqiladi.
Namoyishlarga hukumat tomonidan mehnat kodeksiga ketma-ket ikkinchi oyda o‘zgartirishlar kiritilgani sabab bo‘lmoqda. Yelisey saroyidagilarning ta'kidlashicha, bu liberal islohotlar ish bilan bandlikni yaxshilash va ishsizlik darajasini kamaytirish maqsadida amalga oshirilmoqda. Bu esa mamlakatning ko‘plab fuqarolari o‘rtasida tushunmovchiliklarni keltirib chiqarmoqda.