Jahon | 12:34 / 30.04.2016
5168
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh prezident matbuot kotibi rolini ijro etgan aktrisa Oq uyda jurnalistlarni "laqillatdi"

"G‘arbiy qanot" ("Zapadnoye krylo") ommabop serialida AQSh prezidenti matbuot kotibi rolini ijro etgan aktrisa Ellison Jyenni Oq uydagi haqiqiy matbuot-anjumani vaqtida paydo bo‘ldi, deb xabar bermoqda RIA “Novosti” axborot agentligi. Aktrisa va AQSh hukumati shu tariqa jurnalistlar bilan hazillashishdi.  

Jurnalistlar oldiga Obamaning haqiqiy matbuot kotibi Josh Ernest chiqishi kerak bo‘lgan, biroq uning o‘rniga Jyenni chiqib, Ernest tishini davolatgani ketgani sababli matbuot anjumanida ishtirok etmasligini aytgan va yig‘ilganlardan joy-joylariga o‘tirishlarini iltimos qilgan. 

So‘ngra aktrisa AQSh prezidenti Barak Obama Oq uy muxbirlari bilan kechki ovqatda har yilgi nutqida aytadigan hazillar ustida ishlayotganini ma'lum qilgan. Aktrisa jurnalistlarning savollariga javob berishga tayyorligini aytishi bilanoq, zalga Ernestning o‘zi kirib kelgan.

"Yo Tangri, kechirasiz, Men shunchaki shaharda edim va bundan foydalanib qolmoqchi bo‘ldim, o‘zingiz tushunasiz-ku", deb o‘zini Ernest oldida hazilomuz tarzda oqlagan aktrisa.

So‘ngra Jyenni jiddiy ohangga o‘tib, giyohvandlikka qarshi kurashish tashabbusi haqida gapirib bergan.