TDShIda Respublika VIII ilmiy-nazariy konferensiya bo‘lib o‘tdi
2016 yilning 30 aprel kunida Toshkent davlat sharqshunoslik instituti konferensiyalar zalida "Tarixiy manbashunoslik, tarixnavislik, tarix tadqiqoti metodlari va metodologiyasining dolzarb masalalari" mavzuidagi Respublika VIII ilmiy-nazariy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Manbashunoslik tarix fanini bitmas-tuganmas ma'lumotlar bilan ta'minlasa, tarixnavislik tarixni o‘rganish sohasida erishilgan natijalarni tanqidiy tahlil qilgan holda tadqiqotlar istiqbolini, boshqacha qilib aytganda, fanning metodologik strategiyasini belgilashga xizmat qiladi. TDShI Markaziy Osiyo halqlari tarixi kafedrasida yo‘lga qo‘yilgan yillik an'anaviy konferensiyaning kontseptual asoslari, mavzu yo‘nalishi, maqsad va vazifalari ana shu masalalarga bag‘ishlangani bilan dolzarb va ahamiyatlidir.
Bugunga qadar yetti navbat anjuman o‘tkazildi va materiallarning yetti kitobi 8-jildda nashr etildi. O‘tgan davr ichida anjuman o‘z atrofiga yuzlab tarixchi olimlarni, manbashunos va tarixshunos mutaxassislarni birlashtirishga erishdi va davriy yillik konferensiya maqomini oldi. Bulardan tashqari konferensiya ishida har yili fanning ertangi kuniga xizmat qilishga bel bog‘lagan ko‘plab talabalar, magistrantlar va katta ilmiy hodim-izlanuvchilar faol qatnashib kelmoqda.
Konferentsiyaning bu yilgi 8-navbati Respublikamizning yetakchi ilmiy tekshirish muassasalari, oliy o‘quv yurtlari, kollej va litseylarning 70ga yaqin vakillari, professorlar, dotsentlar, malakali o‘qituvchilar, ilmiy ma'ruzalar bilan qatnashayotgan talaba va magistrantlar ishtirokida o‘tmoqda. Konferentsiya dasturidan 24 ta manbashunoslik, 17 ta tarixnavislik, 10 ga yaqin etnologiya, 15 dan ortiqroq mintaqa tarixining turli masalalariga bag‘ishlangan ma'ruzalar o‘rin oldi.
Nafosat Zafarova, TDShI