O‘zbekiston | 20:33 / 01.05.2016
24571
11 daqiqa o‘qiladi

Germaniyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Farg‘ona vodiysiga safar qildi

Yaqinda Germaniyaning mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchisi, janob Naythart Hyofer-Vissing Farg‘ona vodiysiga safar qildi. Janob elchi Namangan, Andijon va Farg‘ona viloyatlaridagi bir qator ta'lim va tibbiyot muassasalari, ishlab chiqarish korxonalariga tashrif buyurdi. Unga Toshkent vodiydagi uchta viloyatdan 20ga yaqin jurnalist hamrohlik qildi.

Keng va ravon yo‘llar orqali bir zumda ko‘zlagan manzilimizga yetib oldik. Bahor havosi bo‘lgani bois ham tabiat manzaralaridan bahramand bo‘ldik. Baland  tog‘lar qurshovidagi Qamchiq davonining o‘ziga xos go‘zalligidan qalbimiz zavq-shavqqa to‘ldi. Angren-Pop yo‘nalishida qurilayotgan temir yo‘lga, jahon andozalari asosida ta'mirlanayotgan avtomobil yo‘liga havas bilan boqmagan jurnalistning o‘zi bo‘lmadi. Ulkan bunyodkorlik, qurilish va o‘zgarishlarning bevosita guvohi va ishtirokchisi bo‘layotgan hamkasblarimizning dilida shu yurt farzandi ekanligidan fahrlanish tuyg‘usini ko‘rishning o‘zi bir baxt bo‘lsa kerak. 

Namanganga yetib kelganimizni ham bilmay qoldik. Tushlik qilib, Germaniyaning SES (Senior Experten Sevise – Tajribali ekspertlar xizmati) - ekspertlari  jalb qilingan loyiha asosida faoliyat yuritayotgan ko‘z kasalliklari zamonaviy usulda davolanadigan “ZZZ” shifoxonasiga tashrif buyurib, bu yerdagi imkoniyatlar bilan tanishdik. Klinika rahbari Zafarjon Abdurahimovning aytishicha, tibbiyot maskanida germaniyalik mutaxassislar bilan tajriba almashuv ham yo‘lga qo‘yilgan. Shundan so‘ng viloyat ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markaziga yo‘l oldik. Mazkur markaz qayta ta'mirlanib, zamonaviy maskanlardan biriga aylandi. Germaniyaning KfW banki ko‘magida markazga salkam 790 million so‘mlik zamonaviy tibbiyot asbob-uskunalari keltirib o‘rnatildi. Germaniya elchisi bu yerdagi sharoitlar bilan tanishib, O‘zbekistonda onalar va bolalar salomatligiga yuksak darajada e'tibor berilayotganini ta'kidladi. Germaniya elchisi  va unga hamrohlik qilayotgan jurnalistlarning  “Nestlé -O‘zbekiston” kompaniyasining Namangandagi korxonasiga tashrif buyurib, korxonaning  ish faoliyati bilan ham tanishishi ham qiziqarli bo‘ldi.

26 aprel erta tongda Andijon tomon yo‘lga tushdik. Oltinko‘l tumanidagi «Baht imkon Rivoj Chorvasi» fermer xo‘jaligi faoliyati bilan tanishdik. GIZ (Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati) loyixasiga binoan  faoliyat yurituvchi mazkur xo‘jalikda 1 ming 484 bosh qoramol bo‘lib, asosan sut ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Xo‘jalik to‘laligicha zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan bo‘lib, bu ham bo‘lsa mamlakatimizda qishloq xo‘jaligida olib borilayotgan keng qamrovli islohatlarning samarasidir.

GIZning yana bir loyihasi Qo‘rg‘ontepa tumanidagi Savay qishlog‘ida hayotga tatbiq etilmoqda. Bu yerda “Oq suv” sut qabul qilish markazi ochildi. Markaz GIZning  O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikdagi “O‘zbekiston Respublikasining alohida mintaqalarida iqtisodiyotni rivojlantirishga ko‘maklashish” loyihasi doirasida tashkil etildi. Loyihani amalga oshirish maqsadida GIZ Savay, Dardak va Dehqonchak qishloqlaridagi uchta sut to‘plash punkti uchun asbob-uskuna xarid qildi. “Oq suv” rahbari Alijon Ahmedov mehmonlarni kutib olar ekan, “O‘zbekistoning eng sharqiy mintaqasiga xush kelibsizlar” dedi. Ayni shu  iboraga urg‘u bergan elchi janoblari kelajakda “O‘zbekiston sharqida ishlab chiqarilgan mahsulotlar G‘arbda ham bozori chaqqon bo‘lishi”ga umid bildirdi. Bugungi kunda “Oq suv” xoldingining mahsulotlari Toshkent, Namangan, Samarqand singari shaharlarda sotilmoqda. 

Qaytishda “Bog‘ishamol” dam olish maskaniga kirib o‘tib, Boburning ramziy qabrini ziyorat qildik va muzey eksponatlari bilan yaqindan tanishdik. Tushdan keyingi ish rejalarimiz ham samarali bo‘ldi. Andijon ko‘p tarmoqli bolalar shifoxonasiga tashrif buyurdik. Bu yerda KfW banki moliyasi evaziga  xarid qilingan eng zamonaviy jihozlarni ko‘rib mamlakatimizda ona va bola salomatligiga  katta ahamiyat qaratilayotganiga ishonch  hosil qildik. Asakadagi «Shark Bahodiri» fermer xo‘jaligida amalga oshirilgan sayyohat ham ko‘pchilikning xotirasida qolsa ajab emas. Jurnalistlar bir jihatga e'tibor qaratishdi. Parrandachilikka ixtisoslashtirilgan mazkur xo‘jalikka Germaniyadan olib kelingan jihozlar o‘rnatilgan. Eng qizig‘i jihozlarni asakalik yoshlarning o‘zlari o‘rnatishgan. Germaniyalik mutaxassislar kelib, texnikalarni o‘rnatilishi bilan qiziqib ko‘rishganida 99,98 foiz to‘g‘ri o‘rnatilganiga ishonch hosil qilishgan.

Andijondagi  «VISUS» ko‘z klinikasiga o‘rnatilgnan jihozlar ham KfW banki tomonidan moliyalashtirilgan. Bu yerda ham bemorlarga barcha sharoitlar yaratib berilgan. Andijon informatsion texnologiyalar 4 son akademik litseyidagi uchrashuv  tom ma'noda ochiq darsga aylanib ketdi. Bu yerda 82 nafar o‘quvchi nemis tilidan saboq oladi. O‘quvchilar elchi bilan nemis tilida samimiy suhbat qurishdi, avvaliga o‘zlari xaqida, so‘ng Germaniya siyosati, iqtisodiyoti, arxitekturasi, tibbiyoti xaqida gapirib berishdi. Ularning bilimi elchini qoniqtirdi. O‘quvchilardan biri elchidan O‘zbekiston, shu jumladan Andijon xaqidagi tassurotlari va o‘zbeklarning qaysi odatlari yoqishi bilan qiziqdi. Bu savolga javob bergan elchi Andijonga uchinchi bor kelganini ta'kidlar ekan, yurtimiz xaqida iliq fikrlarni bildirdi. Faqat ertalabki  oshlar nemis oshqozoniga qiyin bo‘layotganini aytdi. Nahorgi oshlar 7.00ga ko‘chirilganidan xabardor ekanini aytib o‘tdi. O‘zbek mehmondo‘stligi va samimiyatiga yuqori baxo berdi, faqat to‘ylarda raqsga tusha olmayotganidan afsusda ekanligini ta'kidlab  o‘tdi.

KfW banki tomonidan moliyalashtirilgan loyihalardan biri Baliqchi kasb-xunar kollejida amalga oshirilmoqda. Bu yerdagi ta'lim jarayonlari ham  mehmonlarda  katta taassurot qoldirdi. 
SES-ekspertlari jalb qilingan «Fergana Denol Impex» shifoxonasi quloq, burun, tomoq kasalliklarini davolashga ixtisoslashtirilgan. Bu yerga  uyushtirilgan sayohat va u yerdagi sharoitlar ham ko‘pchilikda havas uyg‘otdi. Hatto hamkasblarimizdan biri imkoniyatdan foydalanib qoldi. 

Safarimizning so‘ngi kuni Marg‘ilondagi «Yodgorlik» fabrikasiga bordik. Bu yerda ham GIZ loyixasi asosida ish yuritiladi. Ishlab chiqarish jarayonlari (mato, gilam to‘qish) bilan tanishib, o‘zimizni qadim tarix bag‘riga tushib qolgandek his qildik.    Shahardagi qurilish kollejiga ham KfW banki  moliyalashtirgan jihozlar olib kelingan. 

Toshkentga qaytar ekanmiz, Qo‘qondagi «Europrint Kokand» poligrafiya firmasi ish faoliyati bilan tanishdik. Bu korxona O‘zbekiston bozorida 10 yildan beri faoliyat yuritib keladi. MChJda ayni paytda 60 dan ortiq yoshlar ish bilan ta'xminlangan. Bu yerda Germaniyaning Heidelberg kompaniyayasi texnologiyasi yordamida turli xil mahsulotlar uchun qadoqlar, qutilar, yorliqlar – har xil hajm va bichimdagi poligrafiya mahsulotlari ishlab chiqariladi. Korxona mahsulotlariga nafaqat vodiyda, balki mamlakatimizning boshqa hududlaridan ham buyurtmalar tushmoqda.

Shundan keyin biz tashrif buyurgan  «Euromed Diagnostic» xususiy shifoxonasida samimiy suxbat bo‘lib o‘tdi. “Sog‘lom ona va bola yili” munosabati bilan shifoxonada amalga oshirilayotgan ishlar xaqida ko‘pdan ko‘p ma'lumotlarga ega bo‘ldik. O‘tgan yili bu yerga tashrif buyurgan germaniyalik shifokorlar 19 kun davomida klinika xodimlari bilan mashg‘ulotlar o‘tkazdi, ularga tegishli maslahatlar, yo‘l-yo‘riqlar berdi. Ayni paytda muassasada germaniyalik mutaxassislar tavsiyalari asosida, shu davlatdan keltirilgan asbob-uskunalar yordamida malakali xizmat ko‘rsatilmoqda.

Safar yakunlari bo‘yicha Germaniyaning O‘zbekistondagi favqulotda va muxtor elchisi Naythart Hyofer-Vissing janoblari qisqacha matbuot anjumani o‘tkazdi. O‘ziga hamrohliq qilgani uchun jurnalistlarga minnadorchilik bildirgan elchi janoblari vodiydagi uchta viloyatda jami 11 ta oliy, o‘rta maxsus ta'lim muassasalarida bo‘lganini, ulardagi shart-sharoitlar bilan tanishganini, nemis tilini o‘rganayotgan talabalar bilan muloqotda bo‘lganini aytar ekan, ularning bilim va salohiyatiga yuksak baho berishini ta'kidladi. “Hatto qishloq joylarida Germaniya xaqida yaxshi bilishlari, nemis tiliga katta ahamiyat berilayotgani menga yoqdi”, dedi elchi. U o‘quvchilar Germaniya xaqidagi bilimlari bilan o‘rtoqlashganlarini qayd qilib o‘tdi. “Aqlli va dono yoshlar O‘zbekiston kelajagi uchun ko‘p ishlar qiladi” dedi Naythart Hyofer-Vissing. O‘z so‘zida Germaniyaning mamlakatimizdagi diplomatiya vakolatxonasining rahbari O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi va sog‘liqni saqlash tizimlarida olib borilayotgan izchil isloxatlarga yuqori baho berdi.

-O‘zbekiston bilan hamkorlik Germaniya uchun ham muhim startegik ahamiyatga ega, - dedi elchi jurnalistlar bilan suhbatda. – Jumladan O‘zbekiston xavfsizlikni ta'minlash, terrorizmga qarshi kurashda Germaniyaning yaqin hamkorlaridan biri. Do‘stona aloqalarimiz bundan keyin ham rivojlanib borishiga ishonaman.
Jurnalistlarning vodiy bo‘ylab amalga oshirilgan press-turini Alisher Navoiy satrlari bilan “safar qilg‘il ammo vatan ichra bo‘l” deya ta'riflash mumkin.                              

Sharofidin To‘laganov
 

Mavzuga oid