Sport | 00:15 / 01.05.2016
3147
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyalik poygachi Kvyat "Formula-1" chempionining o‘zini tutishini tanqid qildi

"Formula-1" avtopoygasining Red Bull jamoasi a'zosi, rossiyalik poygachi Daniil Kvyat Mersedes jamoasi poygachisi, poyganing amaldagi chempioni Lyuis Xemiltonning Rossiya Gran-prisi saralash bosqichida o‘zini nomaqbul tutishini tanqid qildi. Bu haqda "R-Sport" nashri xabar bermoqda

"Menga aloqa orqali orqamda poygachi tez davrada ketayotgani aytilsa, men bunga javoban uni o‘tkazib yuboraman. Xemilton esa bunday qilmadi. Bilmadim, uning xayolida nima bo‘lgan. Agar ko‘rmaganida boshqa gap edi. Agar bu shunchaki dangasalik bo‘lsa, unda u o‘zini xunuk tutdi", deb aytdi Kvyat.

Xemilton saralash bosqichining 1-segmentida Kvyatning ratsiya orqali o‘tkazib yuborish talabiga qaramasdan, rossiyalik poygachini o‘tkazib yubormadi. Kvyat oqibatda 8-o‘rinni egalladi, Xemilton esa dvigatel bilan yuzaga kelgan muammo sababli trassadan chiqib ketdi. 
Saralash bosqichini Mersedes’ning boshqa a'zosi Niko Rosberg yutdi.

Rossiya Gran-prisi "Formula-1" poygasining mavsumdagi 4-bosqichi bo‘lib, 2014 yildan boshlab Sochidagi Olimpiya bog‘idagi "Sochi Avtodrom" trassasida o‘tkazib kelinadi. Asosiy poyga 1 mayda bo‘lib o‘tadi.