Jahon | 17:08 / 02.05.2016
3046
2 daqiqa o‘qiladi

ShHT va Hindiston terrorizmga qarshi kurashda hamkorlik mexanizmlarini ishlab chiqmoqda

Shanxay hamkorlik tashkilotining mintaqaviy aksilterror tuzilmasi va Hindiston hukumati terrorizmga qarshi kurashda birgalikda harakat qilish bo‘yicha amaliy mexanizmlarni ishlab chiqmoqda, deb xabar qiladi RIA Novosti agentligi tuzilma matbuot xizmatiga tayangan holda. 

ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi ijroiya qo‘mitasi direktori Yevgeniy Sisoyev Hindiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sujat Mextani hind tomoni iltimosiga ko‘ra qabul qildi, deb xabar qiladi matbuot xizmati. 

Tuzilma vakilining bildirishicha, ShHTning iyun oyida Toshkentda bo‘lib o‘tadigan oliy darajadagi sammitida, Hindiston va Pokistonning tashkilotga a'zo bo‘lishiga oid majburiyatlari aks etgan memorandum imzolanishi rejalashtirilgan. 

ShHTga O‘zbekiston, Rossiya, Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston kiradi. Belorus, Mo‘g‘uliston, Hindiston, Eron, Pokiston va Afg‘oniston tashkilotda kuzatuvchi maqomiga ega. 2015 yil iyulida Hindiston va Pokistonni tashkilotga qabul qilish jarayoniga start berilgandi. Tashkilot raisligi 2015 yilgi Ufa sammitidan so‘ng, Rossiyadan O‘zbekistonga o‘tgan edi. ShHTning 2016 yilgi anjumani 23-24 iyun kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadi. Uning mintaqaviy aksilterror tuzilmasi bosh qarorgohi Toshkent shahrida joylashgan.