Jahon | 15:00 / 02.05.2016
3246
2 daqiqa o‘qiladi

Stoltenberg: NATO yadro qurolidan voz kechmaydi

Shimoliy Atlantika shartnomasi tashkiloti (NATO) bosh kotibi Yyens Stoltenbergning bayonot berishicha, alyans mamlakatlari Rossiya bilan ziddiyatga yoxud yangi qurollanish poygasiga kirishishni xohlamaydi, ammo yadro qurolidan voz kechish niyatida ham emas. 

"Biz qurollanish poygasini xohlamaymiz", — degan Stoltenberg Welt nemis nashriga bergan intervyusida. Uning qayd etishicha, NATO mamlakatlari Rossiya bilan siyosiy muloqotni davom ettirish uchun "qat'iyatli, idrokli va kuchli" bo‘lishlari lozim.

NATO bosh kotibi, alyans Rossiyaga nisbatan yadro strategiyasini ko‘rib chiqishi xususida berilgan savolga javob berar ekan, NATO "yadro qurolidan foydalanish ehtimolidan har qachongidan ham uzoqroq"ligini ta'kidladi. Shunga qaramay, "hozircha yadro quroli mavjud ekan, NATO ham shunday qurolga ega bo‘lib qolaveradi", deb qayd etgan Stoltenberg.

Shu yilning boshida NATO a'zolari mudofaa vazirlari Sharqiy Yevropada harbiy salohiyatni kuchaytirish taklifini ma'qullashgan edi. Bu boradagi yakuniy qaror, tashkilotning iyul oyida bo‘lib o‘tajak Varshava sammitida qabul qilinishi kutilmoqda. 

"Boltiqbo‘yi va Polshada amalga oshirayotgan siyosatimiz, harbiy kuchlarimizni shunchaki ko‘paytirishdan iborat emas", — deb aytgan Stoltenberg, Rossiyaning "NATO a'zolaridan biriga hujum qilish niyati borligini ko‘rmayotgani"ni ta'kidlagan.

Bosh kotib, shuningdek, Varshava sammitidan avval, Rossiya — NATO uchrashuvi bo‘lishi mumkinligini inkor etmadi. Ma'lumki, 20 aprel kuni Bryusselda harbiy uyushma tashabbusi bilan Rossiya-NATO Kengashi majlisi o‘tkazilgandi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish