O‘zbekiston | 22:09 / 02.05.2016
6415
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda «O‘lmas polk» aksiyasi o‘tkazilishi rejalashtirilmagan

Qator ommaviy axborot vositalari tomonidan o‘tkazilishi e'lon qilingan «O‘lmas polk» («Bessmertnyy polk») aksiyasi 9 may kuni Toshkentda rejalashtirilayotgan tadbirlar ro‘yxatida yo‘q. Bu haqda Toshkent shahar hokimligining axborot xizmati xabar berdi.

«9-mayning „Xotira va qadrlash kuni“ sifatida nishonlanishida katta ramziy ma'no bor. Ushbu sana nafaqat yurt tinchligi, balki butun dunyoda tinchlik va barqarorlik ishiga hissa qo‘shgan minglab vatandoshlarimiz xotirasiga hurmat bajo keltirish bilan birga, mehr va muruvvatga muhtoj bo‘lgan kishilarni yo‘qlab qo‘yish, ularning yolg‘iz emasligi, doimo e'tiborda ekanligini yana bir bor his etishlarini ta'minlash kuni sifatida qalbimizdan joy olgan sanadir. Shu ma'noda, ushbu kunni munosib o‘tkazish yuzasidan poytaxt hokimligi ham bir qator tadbirlarni tashkil etishni rejalashtirmoqda. Jumladan, har bir tuman hokimligi o‘z hududida ushbu sanani munosib nishonlash bo‘yicha aniq tadbirlarni belgilab olgan», — deyiladi xabarda.

«15 aprelidan to 15 may kunigacha davom etadigan tadbirlardan 1941-1945 yillardagi urush ishtirokchilarining uylariga tashrif buyurib, ularning holidan xabar olish, ularga sovg‘alar ulashish, uy-joy sharoitlarini o‘rganib, zarur choralar ko‘rish, bayram bilan qutlash ishlari alohida o‘rin olgan. Joylarda madaniyat, san'at va sport, adabiyot sohalarining dongdor vakillari ishtirokida uchrashuvlar, konsert dasturlari tashkil etiladi», — deya ta'kidladi axborot xizmati.

Har yili ta'lim muassasalarida o‘tkaziladigan «Avlodlar uchrashuvi», «E'zoz», «Ehtirom» kabi tadbirlarga joriy yilda «Tinchlik darsi» qo‘shiladi. Ushbu darslarda «Tinchlik — ulug‘ ne'mat» deb nomlangan hujjatli film namoyishi, tinchlikning qadriga yetish, uni asrab-avaylash har bir fuqaroning burchi ekanligi mavzusidagi ma'ruzalar talaba va o‘quvchi yoshlar e'tiboriga havola qilinadi.

«Ayni yoshlarning urush faxriylari, front ortida mehnat qilgan nuroniy otaxon va onaxonlar huzuriga tashrif buyurib, bir tomondan, ularning holidan xabar olishlari, ikkinchi tomondan, ularning xotiralaridan bahramad bo‘lishlariga qaratilgan „Tabrik“ tadbirlari bu kunlarning qadriga yetishda yosh avlod qalbida katta o‘rin tutishi shubhasiz», — deyiladi xabarda.

Talaba va o‘quvchi yoshlar, shuningdek, Xotira va qadrlash maydoni, O‘zbekiston davlat tarixi muzeyi, Qurolli kuchlar muzeyi hamda «Shahidlar xotirasi» maydonlariga sayohatlari mo‘ljallangan.

«Har bir mamlakat 9 may sanasini o‘ziga xos tarzda nishonlaydi. O‘zbekiston xalqi bu kunni tinchlik uchun, shu dorilomon kunlar uchun kurashganlar, bu yo‘lda o‘z jonini fido etganlar xotirasiga ehtirom ko‘rsatish bilan birga, nafaqat mehr-muruvvatga muhtoj, balki har bir yurtdosh, vatandoshining qadr-qimmati, hurmatini joyiga qo‘yishdek maqsadni o‘zida mujassam etgan tabarruk kun sifatida nishonlaydi. Bu xalqimizning boshqalarga o‘xshamaydigan, o‘ziga xos va betakror xislatlarining yana bir namoyishi bo‘lsa, ajabmas», — deyiladi poytaxt hokimligi axborot xizmati xabarida.