Sport | 19:10 / 02.05.2016
3053
2 daqiqa o‘qiladi

"Zenit" muxlislari TsSKAning qora tanli futbolchisi jarohat olganida "Negrni o‘ldirishdi" qo‘shig‘ini kuylashdi

"Zenit" jamoasi muxlislari Rossiya Kubogi finalida TsSKA jamoasi hujumchisi Aaron Olanarega yomon munosabatda bo‘lishdi.

Nigeriyalik 21 yoshli futbolchi o‘yinning 34-daqiqasida Aksel Vitsel bilan to‘qnashuvda jarohat olgach, bu hodisaga nisbatan "Zenit" muxlislari "Zapreshchennyye barabanshchiki" guruhining "Negrni o‘ldirishdi" qo‘shig‘ini kuylashdi.

Jarohat olgan futbolchi o‘yinni davom ettirishga qaror qildi va tizzasi bog‘langan holda o‘ynab, 37-daqiqada gol urdi va hisobni tenglashtirdi. U golini salto otib nishonladi.

Lekin shundan 2 daqiqa o‘tib, "Zenit"ning boshqa futbolchisi Domenik Krishito bilan to‘p uchun kurash vaqtida oyog‘ini xato tashladi va jarohat tufayli maydonni tark etishga majbur bo‘ldi. Uning o‘rnini Kirill Panchenko egalladi.

Olanarening tizza qopqasi chiqib ketgan bo‘lishi mumkin. Shuningdek, uning bo‘g‘imlarida shikastlanish qayd etilishi mumkin.

Olanare qishki transferlar vaqtida Xitoyning "Guanchjou Fuli" jamoasidan ijaraga olingandi.