Iqtisodiyot | 16:38 / 03.05.2016
3721
3 daqiqa o‘qiladi

2016 yilning 1-choragida O‘zbekistonda o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi 732 mln dollarni tashkil etdi

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Davlat statistika qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasini 2016 yilning birinchi choragida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlarini e'lon qildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Unga ko‘ra, 2016 yilning 1-choragida O‘zbekistonda o‘zlashtirilgan xorijiy investitsiyalar hajmi 732 mln dollarni tashkil etdi, shundan 563 mln dollarlik qismi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisoblanadi.

O‘zlashtirilgan xorijiy investitsiyalar hajmi 2015 yilning birinchi choragiga nisbatan 14,4 foiz o‘sdi.

O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan iqtisodiyotning strategik tarmoqlarida yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun o‘zlashtirilgan mablag‘lar hajmi 14,3 foizga ko‘paydi.

Xomashyo va yarim fabrikatlarni chuqur qayta ishlash asosida raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha yuqori texnologiyali zamonaviy ishlab chiqarishlarni foydalanishga topshirishni jadallashtirish borasida ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida investitsiyalar hajmi 8,5 foiz o‘sdi. Joriy yilning birinchi choragida o‘zlashtirilgan kapital qo‘yilmalar tarkibida markazlashtirilmagan investitsiyalar nisbatan katta hajmni (umumiy hajmning 80,7 foizi) tashkil etdi. Shuning 34,2 foizi xo‘jalik sub'yektlarining o‘z mablag‘laridir.

Joriy yil boshidan buyon Investitsiya dasturi doirasida 368 yangi investitsiya loyihasini amalga oshirish boshlandi, umumiy qiymati 76,4 million dollarlik 12 yirik ishlab chiqarish quvvatlari foydalanishga topshirildi. Xususan, «Meylisoy koni qurilishi», «Jizzax plastmassa» aksiyadorlik jamiyatida polietilen plyonka va quvurlar, «Angren» maxsus industrial zonasida charm-galantereya buyumlari, «Jizzax» maxsus industrial zonasida shisha tolasidan issiqlik izolyatsiya buyumlari, keng turdagi elektr qurilma va elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish shular jumlasidandir. Shuningdek, «Buxorodonmahsulotlari» va «Navoiydonmahsulotlari» aksiyadorlik jamiyatlari tegirmonlarida energiya tejaydigan uskunalar o‘rnatish hisobidan texnik qayta jihozlandi va boshqa qator loyihalar amalga oshirildi.