Jahon | 07:25 / 03.05.2016
3561
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh kruiz layneri yo‘lovchilar zaharlanishi tufayli sayohatini to‘xtatdi

AQShning Disney Wonder kruiz layneri Bagama orollariga ketayotganda noma'lum ichak infeksiyasi kruizdagi 92 yo‘lovchi va 5 nafar ekipaj a'zosining zaharlanishiga sabab bo‘ldi. Kema sardori shu sababli sayohatni to‘xtatib, Mayami portiga qaytishga majbur bo‘ldi, deb xabar bermoqda AQShda kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari.  

Disney Wonder bortida 2,7 ming yo‘lovchi va deyarli mingga yaqin ekipaj a'zosi bo‘lgan. Yuqumli kasallik tarqalmasligining oldini olish maqsadida zaruriy choralar ko‘rildi. Birinchi navbatda kasallanganlar alohida kayutalarga joylashtirildilar va karantinga qo‘yildilar. Ulkan kemadagi barcha tutqichlar muntazam ravishda dezinfeksiyalovchi aralashma bilan ishlab turilgan. Alohida e'tibor jamoatchilik ovqatlanish punktlaridagi sanitar me'yorlarga rioya qilinishiga qaratildi.

Kema o‘tgan kecha Mayamida langarga turdi. Kuchli qayt qilish kuzatilgan bemorlar shifoxonalarga yetkazilganlar.

Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari ma'lumotlariga ko‘ra, oxirgi marta bunday kemalarda ommaviy kasallanish 2002 yilda qayd qilingan.