FT: AQShda neftgaz sohasidagi defoltlar soni ortib bormoqda
Amerika Qo‘shma Shtatlarida defolt (qarzdorlik bo‘yicha to‘lov majburiyatini to‘liq yoki qisman bajara olmaslik) yoqasida turgan neft-gaz kompaniyalari soni tobora ko‘payib, ayni vaqtda eng yuqori ko‘rsatkichga yetdi. Bu haqda Buyuk Britaniyaning Financial Times gazetasi xabar qilgan.
Fitch agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yil mobaynida Amerikaning 13 foiz neftgaz kompaniyalari qarzlari tufayli bankrot bo‘lgan, 2014 yilda esa bu raqam atigi 2 foizni tashkil etgan. So‘nggi 3 kun ichida yana ikkita Ultra Petroleum va Midstates Petroleum kompaniyalari ham kasodga uchraganini e'lon qilgan.
Tahlilchilarning bashoratlariga ko‘ra, 2016 yil oxiriga kelib bu raqam 20 foizga yetishi mumkin. Invesco kompaniyasi eksperti Skott Robertsning nashrga bildirgan fikriga ko‘ra, ushbu sohada faoliyat yuritayotgan kompaniyalarning defolti bilan bog‘liq voqealar davom etadi, chunki ularning aksariyati neftning bir barreli 45 dollarga sotilayotgan sharoitda ishlashga tayyor emas.
Bundan avvalroq, Amerika neftgaz kompaniyalari aksionerlari 2016 yilda qariyb 7,5 mlrd dollar yo‘qotishi xabar qilingan edi.