13:47 / 03.05.2016
6658

“G‘arbiy O‘zbekiston gidrogelogiya ekspeditsiyasi” Davlat korxonasidagi qing‘ir ishlar ochib tashlandi

“Huquq” gazetasining 17-sonida keltirilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007 yil 17 yanvardagi “Geologiyaqidiruv ishlarini tashkil qilishni hamda O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan O‘zbekiston Respublikasi Geologiya va mineral resurslar Davlat qo‘mitasining 2007 yil 25 yanvardagi 11-sonli buyrug‘iga muvofiq “O‘zbekgidrogeologiya”DGQning tuzilmaviy bo‘limlari tarkibidan ajratish yo‘li bilan mustaqil “G‘arbiy O‘zbekiston gidrogelogiya ekspeditsiyasi” Davlat korxonasi sifatida qayta tashkil etilgan.  

Davlat korxonasida byudjyet mablag‘larining maqsadli sarflanishi o‘rganilganda, Toshkent Davlat texnika universiteti talabasi T.Mixliyevni 2013 yildan 2016 yil 1 yanvargacha bo‘lgan davrda 0,5 stavka texnik gidrogeolog vazifasiga, O‘zbekiston Milliy universiteti talabasi N.Rahimovni 2014 yildan 2016 yil 1 yanvargacha bo‘lgan davrda 0,5 stavka texnik gidrogeolog vazifasiga ishga qabul qilib, aslida ishlamagan bu ikki shaxsga asossiz ravishda 9 mln. 849,6 ming so‘m maosh to‘langanligi aniqlandi.

Javobgar shaxslar korxonaga qarashli “Manguzar” gidro-geologiya partiyasi tomonidan 2012-2015 yillar davomida Surxondaryo viloyati hududida bajarilgan ishlar bo‘yicha tuzilgan dalolatnomaga 37 mln. 649 ming so‘mlik bajarilmagan ishlarni qo‘shib yozadilar. Shuningdek, ular ushbu partiya tomonidan bajarilgan ishlar bo‘yicha tuzilgan dalolatnomada ham takror “o‘z uslub”larini qo‘llab, 22 mln. 27 ming so‘m miqdorida ortiqcha mablag‘ sarfini kiritishadi.
Korxonaga qarashli Qizilqum Gidrogelogiya stansiyasi tomonidan 2015 yil davomida Navoiy viloyati hududida  bajarilgan ishlar bo‘yicha 57 mln. 531 ming so‘mlik quvurlar o‘rnatilganligi qayd etilgan bo‘lib, aslida hisobxona hisobotlari bo‘yicha quvurlar xarajati 50 mln. 446 ming so‘mni tashkil etadi.

Korxona ombor mudiri Q.Mardonovning javobgarligida bo‘lgan 262 ming 725 so‘mlik neft mahsulotlarida kamomadga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi. 
Korxona ma'muriyati 191 nafar ishchi-xodimning 2015 yil dekabr va 2016 yilning yanvar oyi uchun 272 mln. 628 ming so‘mlik ish haqini to‘lash chorasini ko‘rmaganligi aniqlanib, qarzdorlikni undirish borasida fuqarolik ishlari bo‘yicha Kogon tumanlararo sudiga ariza kiritildi.

Korxona qorovuli M.Rajabovning 2015 yil 22 aprelida moddiy yordam ajratish to‘g‘risidagi murojaati o‘rganish kuniga qadar ko‘rib chiqilmagan. Shuningdek, ishchilar A.Po‘latov, M.Ibragimova va J.Hayitovalarning murojaatlari ham vaqtida o‘rganilmay na javob xati yuborilgan va na qanoatlantirilgan.

Qonunlar ijrosi yuzasidan o‘tkazilgan tekshirishlar natijasiga ko‘ra, qonunga zid ravishda qabul qilingan buyruqlarga nisbatan 5 ta protest keltirildi. Aniqlangan qonun buzilishi, uning kelib chiqish sabablarini bartaraf etish to‘g‘risida 1 ta taqdimnoma kiritilib, 3 nafar shaxsga nisbatan ma'muriy, jiddiy qonun buzilishi holatlari yuzasidan 1 ta jinoiy ish qo‘zg‘atildi.
 

Top