22:04 / 03.05.2016
6006

Lui van Gaal «MYu» muxlislariga ochiq xat yozdi

«Manchester Yunayted» jamoasi bosh murabbiyi Lui van Gaal «qizil iblislar» jamoasi muxlislariga qarata ochiq xatini yo‘lladi. U o‘z maktubida keyingi mavsumda ham jamoani boshqarishda davom etishi haqida ma'lum qilgan. Bungacha 64-yoshli hollandiyalik ushbu mutaxassis mavsum yakunida jamoani tark etishi, uning o‘rniga «MYu» futbolchilarini portugaliyalik Joze Mourino shug‘ullantira boshlashi haqida xabarlar berilgandi.

«Shubha qilmaymanki, «Manchester Yunayted»da dunyodagi eng zo‘r muxlislar bor, jamoaning muxlislarga bo‘lgan hurmatini alohida ta'kidlash mumkin. Men bor kuchim bilan jamoaga foyda keltirish uchun ishlamoqdaman, lekin birinchi navbatda siz muxlislarni xushnud etishni istayman. «Manchester Yunayted»ning barcha futbolchilari jamoani avvalgi maqomiga qaytarish uchun bor kuchi bilan mehnat qilmoqda. Bu yo‘lda sizlarning ham yordamingiz muhim o‘rin tutadi.

Men bilamanki, jamoani qaytadan tuzish jarayoni o‘rtacha 3 yil talab etadi. Lekin men buni 2 yilda uddalashga urindim. Rahbariyat menga 3 yillik shartnoma tuzishni taklif qilgandi, holbuki men shartnomani 2 yilga tuzmoqchi bo‘lgandim. Shunday qilib 3 yillik shartnoma tuzilgan. Shunday ekan, keyingi mavsumda ham biz birga bo‘lamiz», – deya van Gaalning maktubidan iqtibos keltiradi Goal portali.

Eslatib o‘tamiz, van Gaal 2014 yilda jamoa boshqaruviga kelgandi.

Ayni vaqtda «Manchester Yunayted» 60 ochko to‘plagan holda APL turnir jadvalida 5-o‘rinni egallab turibdi.

Mavzuga oid
Top