Meksikalik muhojirlarning vatanlariga yuborgan pul jo‘natmalari hajmi 6 mlrd dollardan oshdi
Xorijda yashab, ishlaydigan meksikaliklarning joriy yilning 1-choragida vatanlaridagi yaqinlariga yuborgan pul jo‘natmalari hajmi 6,21 mlrd dollarni tashkil qildi. Bunday ma'lumotlarni Menksika banki keltirdi. Bank ma'lumotlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 8,6 foizga oshgan.
Pul jo‘natmalari bilan bog‘liq operatsiyalarning katta qismi elektron jo‘natmalar hisobiga to‘g‘ri kelgan. Bunday yo‘l bilan Meksikaga 6,08 mlrd dollar jo‘natilgan. Pochta pul jo‘natmalari hisobiga 43,3 mln dollargina to‘g‘ri kelgan va bir yil avvalgidan 39,7 foiz kamroqni tashkil qilgan. Pul jo‘natmasining o‘rtacha miqdori 293 dollarni tashkil qilgan.
AQShda 12 mln ga yaqin meksikalik fuqaro yashab, ishlaydi. Ularning katta qismi qurilish, xizmatlar ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi sohalarida faoliyat yuritadi. Meksika tashqi ishlar vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, AQShda 33,5 mln ga yaqin meksika millatiga mansub odam yashaydi, ularning AQSh iqtisodiyotiga qo‘shayotgan hissasi yalpi ichki mahsulotning 8 foizga yaqinini tashkil qiladi.