Light | 16:31 / 04.05.2016
3562
2 daqiqa o‘qiladi

McDonald's kompaniyasining eng keksa xodimi Singapurda ekanligi aniqlandi

McDonald's kompaniyasining eng keksa xodimi Singapurda xizmat qilayotgan 92 yoshli Gox Gvek Eng ekanligi aniqlandi, deb xabar beradi Metro. Uning besh nafar farzandi, 10ta nabirasi va 20ta evarasi bor.

Ma'lum bo‘lishicha, keksa ayol co‘nggi 18 yil davomida McDonald's restoranida xizmat qilib kelmoqda. Gox Gvek Eng farzandlari ota-ona uyini tashlab ketishganidan so‘ng, 1998 yilda kompaniyaga ishlash uchun tashrif buyuradi. 

«Endi farzandlarim oila qurgach, o‘z ishi, hayot tashvishlari bilan ovora bo‘lib qolishdi. Ular ketgach, uyim ham huvillab qolgan», – deydi Gox Gvek Eng. Ayol ishlaydigan McDonald's restorani uning uyiga yaqin hududda joylashgan.

Yoshi ulg‘ayib qolganiga qaramay, McDonald's xodimasi yaqin kunlarda nafaqaga chiqishni rejalashtirmagan. U sog‘lig‘idan shikoyat qilmagunga qadar ishlashda davom etaverishini, shuningdek, ba'zan charchab qolganida hamkasblari doim yordamga tayyor ekanligini ta'kidlab o‘tdi.