Jahon | 16:25 / 04.05.2016
13745
2 daqiqa o‘qiladi

Met Gala 2016: Nyu-Yorkda moda olamidagi eng yirik bal o‘tkazildi

Nyu-Yorkning Metropoliten muzeyida moda olamidagi eng muhim tadbirlardan biri bo‘lgan Met Gala bali o‘tkazildi. 

Mazkur tadbir har yili, may oyining birinchi dushanbasida o‘tkaziladi va barcha mashhur yulduzlar belgilangan dress-kodga rioya qilgan holda kechaga tashrif buyurishadi. Bu tadbirni Hollivudda «Modalar Oskari» deb ham atashadi. Bu yilgi bal Metropolitan muzeyidagi yangi ko‘rgazmaning ochilish marosimi bilan birga tashkil etildi. Joriy yilda tadbirning mavzusi «Manus x Machina: Fashion in the Age of Technology» («Qo‘llar mashinalarga qarshi: texnologiyalar asridagi moda») bo‘lib, u qo‘l mehnati va libos yaratishning yangi metodlariga bag‘ishlandi.

Tadbirda Hollivudning taniqli yulduzlari, mashhur dizaynerlar va ko‘plab obro‘li shaxslar ishtirok etdi. Futurizm shiori ostida o‘tkazilgan kechada yulduzlar asosan, “kumush”, “temir”, kabi aksessuarlardan foydalangan holda noodatiy, “sovuq” rangdagi liboslarda tashrif buyurishdi. Buni qizil yo‘lakcha bo‘ylab olingan suratlar orqali ham ko‘rishingiz mumkin. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilda Met Gala bali Vogue U.S. bosh muharriri Anna Vintur, xonanda Teylor Svift, aktyor Idris Elba hamda Apple bosh dizayneri Jonatan Iv boshchiligida o‘tkazildi.