14:15 / 05.05.2016
11091

5 may xalqaro nogironlar xuquqlari uchun kurash kuni

5 may kuni  jahon xamjamiyati Xalqaro nogironlar  xuquqlari uchun kurash kunini nishonlaydi. 1992 yilning 5 may kuni Yevropadagi 17ta mamlakatda bir vaqtning o‘zida imkoniyati cheklangan fuqorolar o‘zlarining xuquqlari ta'minlanishini va kamsitilishlarga yo‘l qo‘ymaslikni talab qilib chiqdilar. Shu tariqa har yili 5 mayda nogironlarning xuquqlarini himoya qilish kuni o‘tkaziladigan bo‘ldi. Bu kunni 3 dekabrda nishonlanadigan Xalqaro nogironlar kuni bilan adashtirib qo‘ymaslik kerak. Sana munosabati bilan bir qator mamlakatlarda “Nogiron- jamiyatning teng xuquqli a'zosi” deb nomlangan anjumanlar va xayriya tadbirlari o‘tkaziladi.

Tadbirdan ko‘zlangan maqsad imkoniyati cheklangan kishilar duch kelayotgan mummolarga keng jamoatchtilik e'tiborini qaratishdan iboratdir. Tahlilchilarning fikricha, bugungi kunda ayrim mamlakatlarda nogironlarning xuquqlariga amal qilinmaydi. Imkoniyati cheklangan kishilarning ishga joylashishi, ta'lim olishi bilan bog‘liq muammolar nafaqat qashshoq mamlakatlarda, balki iqtisodi rivojlangan mamlakatlarda ham kuzatilmoqda. 

Jaxon Sog‘liqni saqlash tashkiloti ma'lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda yer yuzida 1 milliarddan ortiq imkoniyati cheklangan fuqoro istiqomat qiladi. Bu dunyo aholisining 15 foizi demakdir. Ularning 100 millionini bolalar tashkil qiladi. Mutaxassislarning fikricha, aholining keksayib borayotgani va surunkali kasalliklarning ortib borayotgani ham nogironlar sonining ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda.  
2006 yilning 13 dekabrida Nyu-Yorkda BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi Konventsiyani imzolash jarayoni boshlandi. 21 asrdagi  inson xuquqlari himoyasiga qaratilgan birinchi shartnoma deya tan olingan mazkur hujjat 50ta davlat tomonidan imzolanganidan so‘ng  2008 yilning 3 may kuni kuchga kirdi. Ayni damda Konventsiyani 158 ta davlat imzolagan va 147 tasi  ratifikatsiya qilgan. Mazkur konvensiyada imkoniyati cheklangan insonlar muruvvat ko‘rsatiladigan obekt emas, balki huquq va erkinliklarga ega, fuqarolik, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy sohalarda jamiyat hamda davlatni rivojlantirishning teng huquqli ishtirokchilari hisoblangan shaxslar ekani e'tirof etilgan. Mazkur hujjatning ratifikatsiya qilinishi imkoniyati cheklangan insonlarning ijtimoiy va iqtisodiy huquqlarini ta'minlash, himoya qilish va rivojlantirish uchun qo‘shimcha kafolatlar yaratadi. 

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida har bir inson irqi, terisining rangi, jinsi, tili, dini, siyosiy yoxud boshqa e'tiqodlaridan, milliy yoki ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiy yoxud tabaqaviy yoki boshqa sharoitidan qat'i nazar, barcha huquqlar va erkinliklarga ega bo‘lishlari shart ekanligi belgilab qo‘yilgan. Bu nogironlarga ham  bevosita va to‘la taalluqlidir. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi tomonidan 2006 yil 13 dekabrdagi 61/106-rezolyutsiyasi bilan qabul qilingan “Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi Konventsiya” hamda “Nogironlarning huquqlari to‘g‘risidagi Konventsiyaga Fakultativ  protokol” ana shu xalqaro hujjatlarning asosiylari hisoblanadi. Ularda nogironlarning huquqlari, erkinliklari va qadr-qimmatlarini rag‘batlantirish va himoya qilish, shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarini va bu huquqlardan boshqalar bilan teng ravishda foydalanish imkoniyatlarini kafolatlash tamoyillari  belgilab qo‘yilgan.

Shu bilan birga, Konventsiyani ratifikatsiya qilgan yoki unga qo‘shilgan davlatlarning nogironlarning mustaqil turmush kechirishlari va turmushning barcha jabhalarida har taraflama ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘lishlari uchun ularning boshqalar bilan teng ravishda ijtimoiy muhitdan, transport, axborot va aloqa, shu jumladan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari tizimidan, shaharlarda va qishloq joylarida aholi uchun taqdim etiladigan boshqa obektlar va xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini ta'minlash borasidagi majburiyatlari ko‘rsatilgan. Konventsiyada qayd etilgan qoidalarga rioya etilishi va ishtirok etuvchi davlatlarning mazkur masala bo‘yicha majburiyatlarining ijrosini ta'minlashni muvofiqlashtirish va buning monitoringini amalga oshirish maqsadida BMTning Nogironlar huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi tashkil etilgan. Bugungi kunda atigi 45ta mamlakatdagina imkoniyati cheklangan shaxslarning kamsitilishiga qarshi qonun qabul qilingan. 

Mamlakatimizda imkoniyati cheklangan fuqarolarni tibbiy-psixologik va ijtimoiy reabilitatsiya qilish, ularning salomatligini mustahkamlash, zarur dori-darmon va protez-ortopediya vositalari bilan ta'minlash, ishga joylashishga ko‘maklashish, mehribonlik uylarini ta'mirlash hamda ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga doir keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada nodavlat notijorat tashkilotlari ham muhim o‘rin tutayotgani e'tiborga loyiqdir.  

O‘zbekiston Respublikasi hukumati Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi Konventsiya”sini imzolagan. Mamlakatda nogironlarning barcha huquq va erkinliklarini ta'minlashning mustahkam huquqiy asoslari ham yaratilgan. 2008 yilda mamlakat parlamenti yangi tahrirdagi “O‘zbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunni qabul qilganligi, 2011 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2011–2015 yillarda yolg‘iz keksalar, pensioner va nogironlarni ijtimoiy himoya qilishni yanada kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori, boshqa normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinganligi va ular ijrosi sobitqadamlik bilan ta'minlanayotganligi — buning yaqqol dalolatidir.      

Mamlakatimizda aholi punktlarini loyihalash va qurish, transport vositalari, aloqa va axborot vositalarini yaratish hamda ishlab chiqarishda nogironlarning ehtiyojlari hisobga olinadi. Nogironlarning ta'lim olishi, ularni kasbga tayyorlash va malakasini oshirish ishlab chiqarishdan ajralgan va ajralmagan shakllarda, eksternat, masofadan o‘qitish, davlat ta'lim standartlari asosida oiladagi ta'lim va mustaqil ta'lim shakllarida amalga oshiriladi. Ularning umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta'limi barcha ta'lim muassasalarida, zarur bo‘lgan hollarda esa, ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalarida amalga oshiriladi. Mahalliy davlat hokimiyati organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar uyda ishlovchi nogironlarga, shuningdek tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi nogironlarga mazkur faoliyat uchun yashashga mo‘ljallanmagan joylar berilishida, xom ashyo olishi va mahsulot
sotishida zarur yordam ko‘rsatadilar.

O‘zbekistonda nogironlarga ijtimoiy yordam pul to‘lovlari (pensiyalar, nafaqalar, bir yo‘la beriladigan to‘lovlar), texnika vositalari yoki boshqa vositalar, shu jumladan avtomobillar, o‘rindiqli aravachalar, protez-ortopediya buyumlari, maxsus harfli matbaa nashrlari, ovoz kuchaytirgich apparatlar va signalizatorlar bilan ta'minlash, tibbiy, kasbiy, ijtimoiy reabilitatsiya qilish, maishiy va transport xizmatlari ko‘rsatish, dori vositalari bilan ta'minlash kabi turlarda ko‘rsatiladi.
O‘zgalarning parvarishiga va yordamiga muhtoj nogironlarga tuman,
shahar ijtimoiy ta'minot bo‘limlari tomonidan uyda yoki nogironlarga  ijtimoiy xizmat ko‘rsatish statsionar muassasalarida tibbiy va maishiy xizmatlar ko‘rsatiladi.                  

Sharofiddin To‘laganov
 

Top