Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yaponiyada bolalar soni mamlakat tarixidagi rekord darajagacha kamayib ketdi
Yaponiyada 15 yoshgacha bolalar soni bunday statistika olib borilayotgan 1950 yildan beri eng kam darajagacha kamayib ketdi. Bu haqda Yaponiya ma'muriy ishlar va kommunikatsiyalar bo‘yicha vazirligi hisobotida aytilmoqda. Hisobot mamlakatda Bolalar kuni sifatida nishonlanadigan 5 mayda chop etildi.
Hisobotdagi ma'lumotlarga ko‘ra, 127 mln aholiga ega Yaponiyada hozirda 15 yoshgacha bolalar soni bor-yo‘g‘i 16 mln dan sal ko‘proqni tashkil qilmoqda. Ularning soni bir yil ichida 150 mingga kamayib ketgan.
Bolalar sonining qisqarib ketishi uzluksiz davom etayotgan tug‘ilish miqdorining kamayishi bilan bog‘liq bo‘lmoqda. Yaponiya hukumati tug‘ilish miqdorini ko‘paytirishni milliy vazifa qilib belgilagan, biroq bu yo‘nalishdagi barcha sa'y-harakatlar natija bermayapti.
Shu bilan birga Yaponiyada keksa yoshdagilar soni oshib bormoqda. Mamlakatda o‘rtacha hayot davomiyligi darajasi dunyodagi eng yuqorilardan biri. Erkaklar uchun bu ko‘rsatkich 80,5 yoshni, ayollar uchun esa 86,83 yoshni tashkil qiladi. Statistika ma'lumotlariga ko‘ra, Yaponiyada 65 yoshdan kattalar soni 34,8 mln kishini tashkil qiladi. Ularga Yaponiya umumiy aholisining 26,7 foizi to‘g‘ri keladi, bu ko‘rsatkich Yaponiya tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lmoqda.