21:48 / 05.05.2016
33226

Belni baquvvat qiluvchi 6 ta mashq

Ofis sharoitida muttasil ishlash, har qanday kishining sog‘lig‘iga ma'lum ma'noda putur yetkazishi mumkin. Bunda, asosan, umurtqa zarar ko‘radi. Ko‘p yoki noto‘g‘ri o‘tirish umurtqa bilan bog‘liq turli kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Ammo bu kabi ko‘ngilsizliklarga tushib qolmaslikning yo‘llari bor va bu juda oddiy. Turli jismoniy mashqlar bel, umurtqa va kuraklarni baquvvatlashtirib borsa bo‘ladi. Quyida ana shunday mashqlardan eng yaxshi samara beruvchi oltitasi haqida so‘z yuritiladi.

1. Tizzalagan holda gantel ko‘tarish

Gantelni o‘ng qo‘lingizga oling. Chap oyog‘ingizning tizzasini buklagan holda o‘rindiqqa moslashib oling va tanangizni biroz eggan holda chap qo‘lingiz bilan uni ko‘tarib turing. Chuqur nafas olib, gantelni yuqoriga ko‘taring. Ikki soniyadan so‘ng nafas chiqarib, gantelni sekin-asta pastga tushiring. Barcha harakatlarni yelka va bel mushaklari yordamida bajaring.

2. Qo‘llarni ortga va orqaga ko‘tarish

Tizzalarni biroz bukkan holda, ortga engashing, ammo bel tik bo‘lishi kerak. Shu holatda qo‘llarni ortga tisaltiring va imkon qadar ushlab turing. So‘ng yana avvalgi holatga qayting.

3. Tortilish

Bu bel uchun juda katta samara beruvchi mashqdir. Uni bajarish uchun turnik bo‘lsa, kifoya. Turnikda to‘liq cho‘zilgan holatda, xotirjam osiling. So‘ngra imkon qadar yuqori, iloji bo‘lsa, iyakdan baland tortiling. Tortilish vaqtida qo‘llaringizni qanchalik keng ushlab olsangiz, bel mushaklari shunchalik mustahkamlanadi.

4. Qorin bilan yotgan holatda mashq bajarish

Qorningiz bilan yotib oling va tananing old qismini qo‘llaringizni to‘g‘riga cho‘zgan holda ko‘taring. Shundan so‘ng, qo‘llaringizni juftlashtiring. Qo‘llar tirsakdan yuqori holatda turgan bo‘lishi kerak. Nafas chiqargan holatda qo‘llarni pastga tushiring va shu mashqni yana davom ettiring.

5. Tirsaklar yordamida mashq

Qorin bilan yotgan holatda barmoqlarni boshning orqa qismiga birlashtiring. Nafas olgan holda tananing oldi qismini imkon qadar yuqori ko‘taring. 1-2 soniyadan so‘ng nafas chiqargan holda tanani pastga tushiring.

6. Shtanga yordamida mashq

Bu mashqni “xayirli tong” deb ham nomlashadi. Bo‘sh shtangani oling va uni yelkalaringizga joylashtiring. Chuqur nafas oling va bo‘ksani orqaga chekintirib, to‘g‘ri holatda oldinga engashing. Va yana oldingi holatingizga qayting. Mashqni shu tarzda davom ettiring.

Top