10:59 / 05.05.2016
25292

Dunyoning eng nufuzli universitetlari ro‘yxati e'lon qilindi

Buyuk Britaniyaning Times Higher Education jurnali nufuziga ko‘ra top-100 oliy o‘quv muassasalari (OO‘M) ro‘yxatini e'lon qildi.

Mazkur jurnal 2011 yildan buyon dunyo oliy o‘quv muassasalarining nufuzi reytingini belgilaydi. Reytingni tuzishda 133 mamlakatdan 10 323 nafar olimning fikri inobatga olindi. Reytingning maqsadi - jahon olimlari orasida ekspert so‘rovnoma asosida nufuzli oliy o‘quv muassasalarini aniqlash. 2016 yilda eng ilg‘or nufuzli oliy o‘quv muassasalari - Harvard, Massachusets, Stenford, Kembrij va Oksford universitetlari.

Shuni ta'kidlash joizki, Osiyo mintaqasi bu yilgi dunyoning eng nufuzli universitetlari reytingida ancha yaxshi natijalarga erishdi. 

Osiyo mintaqasidan 18ta oliy o‘quv yurti Times Higher Education jurnalining top-100 reytingidan o‘rin oldi. Jumladan, Yaponiyaning Tokio universiteti 12-o‘rinni egalladi. Xitoyning ikkita universiteti esa nufuzli reytingning 18- va 21-pog‘onalaridan joy oldi. 

Janubiy Koreyaning Seul milliy universiteti hamda Hongkong universiteti 45-o‘rinni bo‘lishib olishdi. O‘tgan yili mazkur universitetlar 51- va 60-o‘rinlarni egallashgandi.

Olimlar ikki guruh savolga javob berishgan: ulardan biri oliy o‘quv muassasalarining o‘quv faoliyatiga tegishli bo‘lsa, boshqasi - ilmiy-tadqiqotga doir. So‘ng ikki guruh javoblarini birlashtirib, ko‘proq e'tibor ilmiy-tadqiqot yo‘nalishidagi faoliyatga qaratiladi (2:1 muvofiqlikda). Reytingdagi o‘rinlar olimlarning qanchasi biror bir OO‘Mni eng yaxshi deb tan olishlariga bog‘liq. 

"Bu reyting juda oddiy, ammo shu bilan birga juda ahamiyatli hamdir. U sub'yektiv nuqtai nazarga asoslangan. Biroq bu ta'lim va ilmiy-tadqiqot faoliyati to‘g‘risida yuqori bilimga ega mutaxassislarning ekspert sub'yektiv fikri. Har yili o‘tkaziladigan TNe nufuzli reytingi global universitet brendlarining asosiy ko‘rsatkich indikatori hisoblanadi", - deya izoh berdi reyting noshiri Fil Beti.

Top