14:26 / 05.05.2016
3110

Mexikoda avtomobillarning 40 foizi harakatlanishi taqiqlandi

Mexiko rahbariyati bugun, 5 may kuni shahar ko‘chalarida yuk va yengil avtomashinalar sonini 40 foizga kamaytirishga qaror qildi. Bunga havoning haddan ziyod ifloslanishi sabab bo‘ldi.

Oxirgi uch kunda shaharda transportlar harakatlanishini cheklash qat'iylashdi. 

Mart oyida shahar hokimiyati tomonidan qabul qilingan qarorga binoan, begim kunlari mashinalarning beshdan bir qismi harakatlanmasligi lozim. Haydovchi qaysi kunlari avtomobilidan foydalanishi mumkinligi uning raqamiga bog‘liq. 

Hozircha ushbu cheklovlar ekologiya uchun jiddiy samara bermadi. Chorshanba kuni Mexiko osmonidagi smog (asosan yirik sanoat shaharlarida tutun, qurum, kul zarralari, chang, yonilg‘i bug‘i kabilar aralashmasidan iborat zaharlangan havo) saqlanib turdi, havoning ifloslanish darajasi esa normadan yuqoriligicha qoldi. Natijada, ko‘chaga chiqishi mumkin bo‘lmagan avtomobillar soni 20 foizdan 40 foizga oshirildi. 

Shahar hokimiyati vakillari ushbu holatga Mexiko uchun xos bo‘lgan issiq va quruq bahor faslini ro‘kach qilmoqda. Shamol deyarli esmaydi, kunduzi quyosh qizdiradi. Bu esa Mexiko osmonidagi smogning asosiy tarkibi bo‘lgan azon hosil bo‘lishiga olib keladi. Hozir uning to‘yinganlik darajasi normadan 1,9 barobar yuqori. 

Avtomobillardan foydalanishni cheklovchi taqiqlar yomg‘ir mavsumi boshlanganda - iyun oyida bekor qilinadi. Shunda shahar havosi bir qadar tozalanadi. 

Ekologlarning fikriga ko‘ra, avtomobillar harakatini cheklash havo sifatiga jiddiy ta'sir etmaydi. Bu yo‘l bilan muammoni hal etish mumkin emas. Shaharda sanoat korxonalari juda ko‘p. 

2014 yili shaharda 4,7 million avtomobil ro‘yxatga olingan.

Top