Jamiyat | 17:51 / 05.05.2016
4092
2 daqiqa o‘qiladi

Moskvada futbol fanatlari mehnat muhojirlariga hujum qilgani ma'lum bo‘ldi

Moskva metrosida bir guruh futbol ishqibozlari kelib chiqishi markaziy osiyolik yo‘lovchilarga hujum uyushtirgan va ular politsiya tomonidan qo‘lga olingan. Bu haqda 5 may kuni Moskva shahar IIB matbuot-xizmati xabar tarqatgan.

Bu voqea 12 aprel kuni Moskva metropolitenidagi “Ulitsa Skobelevskaya” bekatidan “Bittsevskiy park” bekatiga tomon harakatlanayotgan metro poyezdida yuz bergan. Bezorilar o‘z jabrlanuvchilariga tan jarohatlari yetkazishgan, bir kishining ko‘ziga gaz ballon orqali gaz purkalgan, ulardan biri shifoxonaga yotqizilgan.

«Moskva 24» telekanali ma'lumotiga ko‘ra, hujum ishtirokchilari 15 yoshdan 21 yoshgacha bo‘lgan 4 kishi edi.

Huquqni muhofaza qilish organlaridagi manba bergan xabarga ko‘ra, hujum millatchilik negizida amalga oshirilgan: guruh qurboniga aylangan muhojirlar Tojikiston fuqarolari bo‘lgan.

Ushbu hodisa yuzasidan Rossiya Federatsiyasi JK 213 moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Guruh a'zolari bezorilikda ayblanmoqda.  ular bu ishi uchun 8 yilgacha qamoq jazosini olishi mumkin.

IIVning Moskva metropoliteni bo‘yicha bo‘limi matbuot xizmati rahbari Aleksey Mishlyayevning bergan ma'lumotiga ko‘ra, qo‘lga olinganlar Moskva shahri fuqarolari bo‘lib, ular shahardagi futbol jamoalaridan birining ashaddiy fanatlari hisoblanishadi. Ular o‘zlarini “skinhedlar” harakatiga aloqador, deya ta'kidlagan. Ularning yonidan ov pichog‘i va elektroshoker topilgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish