12:37 / 05.05.2016
3735

Toshkent shahridagi Inha universitetida qabul jarayonlariga bag‘ishlangan videokonferensiya o‘tkazildi

Toshkent shahridagi Inha universiteti (IUT) joriy yilning 1 mayidan boshlab 2016-2017 o‘quv yili uchun qabulni boshladi. Akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarining bitiruvchilarini IUTga o‘qishga qabul qilish shartlari bilan kengroq tanishtirish maqsadida respublika hududlarida turli uchrashuvlar va targ‘ibot tadbirlari tashkil etib kelinmoqda. Bu haqda universitet matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ushbu uchrashuvlarga qo‘shimcha sifatida joriy yilning 4 may kuni Toshkent shahridagi Inha universiteti videokonferensiya o‘tkazdi. Bir vaqtni o‘zida ushbu tadbirda O‘zbekistonning 14 ta hududida joylashgan 33 ta videkonferentsaloqa o‘rnatilgan maskanda abituriyentlar va ularning ota-onalari ishtirok etdi. Videokonferensiyaning o‘tkazilishi IUTga qabul jarayoni haqidagi ma'lumotlarni keng ommaga yetkazib berish imkoniyatini yaratdi.

Mazkur videokonferensiyada ishtirok etgan yoshlar va ularning ota-onalari universitetning 2016-2017 o‘quv yili qabuli jarayonida topshiriladigan zarur hujjatlar, imtihon va talabalikka qabul qilish shartlariga oid batafsil ma'lumotlarni olishdi va IUT Qabul komissiyasi vakillari bilan yuzma-yuz muloqot qilishdi.

Ta'kidlash lozimki, 2016-2017 o‘quv yili uchun Toshkent shahridagi Inha Universitetiga kompyuter va dasturiy injiniring yo‘nalishi bo‘yicha 250 nafar va logistika yo‘nalishi bo‘yicha 70 nafar talaba qabul qilinadi.

Top