Jahon | 14:05 / 06.05.2016
6598
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh hukumati chekishga qarshi kurash choralarini kuchaytirdi

AQSh hukumati elektron sigaretalar ustidan nazoratni kuchaytirdi. Bu haqda The New York Times xabar qildi

Sanitariya nazorati bo‘yicha Federal boshqarma tomonidan qabul qilingan yangi qoidalarga ko‘ra, 18 yoshgacha bo‘lgan shaxslarga elektron sigaretalar sotish taqiqlanadi. Sotib olayotganda shaxsni tasdiqlovchi hujjat ko‘rsatishga to‘g‘ri keladi. 

Bundan tashqari, elektron sigaretalarni endi avtomatdan sotib olib bo‘lmaydi, ularning ishlab chiqaruvchilariga esa mahsulotni “yengil” va “mayin” so‘zlari bilan reklama qilish man etiladi. 

AQSh sog‘liqni saqlash vaziri Silviya Bervellning so‘zlariga asosan,  2009 yili tamaki mahsulotlari savdosiga cheklov o‘rnatilgach, elektron sigaretalarga bo‘lgan talab keskin oshib ketdi. Bu esa hukumatning xavotiriga sabab bo‘ldi. Yangi qoidalar kiritish orqali davlat rahbarlari chekmaydigan avlod uchun kurash olib bormoqchi. 

Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, AQShda taxminan 40 million kashanda bor va chekish mamlakatda har yili 480 ming odamning o‘limiga sabab bo‘ladi.