Jamiyat | 12:36 / 06.05.2016
7267
2 daqiqa o‘qiladi

Britaniya qirolichasi shlyapalari dizayneri 96 yoshida fojiali tarzda o‘lim topdi

Ayollar shlyapalarini yaratuvchi mashhur dizayner 96 yashar Gerta Grouvz London markazida yuk mashinasi ostida qolib halok bo‘ldi. Bu haqda Evening Standard gazetasiga tayanib TASS xabar qildi. 

Fojiali halokat o‘tgan haftada Londonning markaziy ko‘chalaridan biri – Vigmor-stritda sodir bo‘lgan. Jabrdiyda Vigmor-hollda bo‘lib o‘tgan konsert dasturidan chiqayotgan edi. U voqea joyida vafot etgan. Yuk mashinasi haydovchisi hibsga olinmagan.

Grouvz Venada yahudiylar oilasida dunyoga kelgan. Otasi pnevmoniyadan vafot etgan, onasi va opasi esa Latviyada konslagerda halok bo‘lgan. Gerta 19 yoshida Avstriyadan ketishga ulgurgan edi. Biroq u ketguncha ham bir qancha yahudiy qizlarni Gitler zulmidan qutqarib qolgan. Dizayner ayol yahudiylarni qutqarishga ulkan hissa qo‘shgan. 

Temza bo‘yida u shlyapalar dizaynerligi bo‘yicha u misli ko‘rilmagan muvaffaqiyatlarga erishib, London Hat Company xususiy kompaniyasini ochgan edi.

Grouvzning shlyapalarini sotib oluvchi bashang xonimlar qatorida Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II ham bo‘lgandi.