Jahon | 21:17 / 06.05.2016
4576
2 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an YeI bilan vizaning bekor qilinishi shartlarini tanqid qildi

Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Turkiya bilan vizalarning bekor qilinishi uchun Yevropa Ittifoqi tomonidan bildirilayotgan shartlarni tanqid qildi, deb xabar bermoqda Reuters axborot agentligi.

Erdo‘g‘an Turkiya hujumlar xavfi ostida qolayotgan bir paytda YeIning Anqaraga terrorchilikka qarshi kurash bo‘yicha qonunni o‘zgartirish taklifiga keskin noroziligini bildirdi.

"Biz o‘z yo‘limiz bilan boramiz, siz o‘z yo‘lingiz bilan boring", deb aytdi Erdo‘g‘an o‘z nutqida. Uning bu nutqi barcha mahalliy telekanallar orqali namoyish qilindi.

Ta'kidlanishicha, bunda Turkiya va YeI o‘rtasida viza tartibini erkinlashtirish barbod bo‘lish xavfi ostida turganidan xavotirlanish oshgani nazarda tutilgan.

Avvalroq Erdo‘g‘an Suriya hududidan Turkiyaning raketadan o‘qqa tutilishiga javoban turk armiyasi IShID terrorchilik guruhi pozitsiyalariga zarbalar berishni davom ettirishini ma'lum qilgandi.  

Turkiyaning Kilis shahri Suriya bilan chegarada joylashgan va oxirgi vaqtlar tez-tez raketa zarbalariga uchrab turibdi.