Tarixda birinchi marta musulmon kishi London meri bo‘lishi mumkin
YouGov tomonidan o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovnoma ma'lumotlariga ko‘ra, tarixda birinchi marta musulmon kishi London meri bo‘lishi mumkin.
Leyborist va kelib chiqishi pokistonlik bo‘lgan Sodiq Xon London meriga saylovlarning 1-bosqichida 43 foiz ovoz, bu orada uning asosiy raqibi – aristokrat Zak Goldsmit 32 foiz ovoz yig‘ishi mumkin.
Yakuniy natija esa Xon foydasiga 57 foizga 43 foiz ovozni tashkil qilishi mumkin.
So‘rovnoma 1574 kishi orasida 2-4 may kunlari o‘tkazildi.
Sodiq Xon — pokistonlik muhojirlarning 8 farzandidan biri bo‘lib, u Londonning janubidagi qashshoq tumanda avtobus haydovchisi oilasida kichkina xonadonda voyaga yetgan. U maktabdan keyin va ta'til vaqtlarida qurilishda ishlagan. Keyinroq u Buyuk Britaniya transport vaziri lavozimini egallashga muvaffaq bo‘lgan.
London meri saylovlari 5 may kuni bo‘lib o‘tdi. Unda shaharning 32 tumani, London Sitisi aholisi, shuningdek Londonda yashovchi Britaniya Hamdo‘stligi fuqarolari ishtirok etdilar. Saylovning rasmiy natijalari 6 may kechki payt e'lon qilinadi. Amaldagi mer Boris Jonsonning vakolati may oyida yakuniga yetadi.