Jamiyat | 11:34 / 07.05.2016
14597
6 daqiqa o‘qiladi

Qarshi shahrida faoliyat yuritgan o‘smir o‘g‘rilarning ayanchli taqdiri

Sudlanuvchi Jasur Alimov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) 1997 yilda Qarshi shahrida tug‘ilgan. Ma'lumoti o‘rta maxsus. Ilgari ham jinoyat ko‘chasiga kirib, amnistiya tufayli unga oid ish harakati tugatilgan. 
Jasurning  sheriklari – sinfdoshi  Kamol Suvonov 1996 yilda, qo‘shnisi Otabek Hakimov 1999 yilda, tanishi Shahboz Nuriyev 1998 yilda, yangasining ukasi Avazbek Roziqov 1998 yilda tug‘ilgan. 

Otabek Shayxali maishiy xizmat ko‘rsatish (ayni paytda Qarshi yengil sanoati va servis) kasb-hunar kollejida, Shahboz Qarshi politexnika kasb-hunar kollejida, Avazbek Qarshi agrobiznes va tadbirkorlik kasb-hunar kollejida o‘qishadi.
Bular safida ikki nafar farzandning onasi bo‘lgan Maftuna Bo‘riyeva ham bor. Bu haqda “Huquq” nashri yozmoqda.

2014 yil 6 yanvar. Jasur, Kamol va Otabek Qarshi shahri, Mahtumquli mahallasi, “Yoshlik” ko‘chasi 16-uyning ro‘parasida turgan Spark avtomashinasidan jami 380 ming so‘mlik audiomagnitafon kalonkalari va rezina to‘shamalarni o‘g‘rilab ketishgan...
2014 yilning kuzi. Otabek Qarshi shahri Aralovul mahallasidagi “avtomoyka”da turgan “Damas”dan 1 mln. 200 ming so‘mlik noutbukni o‘g‘rilab, tanishiga 100 ming so‘mga sotib yuboradi... 
2015 yil 17 yanvar. Qarshi shahri 4-mittitumanda joylashgan kafe yonida turgan “Damas”dan 300 ming so‘mlik audiokolonkalar g‘oyib bo‘ladi. Jinoyat “mualliflari” yana Jasur edi.
22 yanvar soat 20:00lar atrofida Jasur “Geolog” ko‘chasidagi trenajyor zali yonida turgan “Damas”dan 350 ming so‘mlik audiomagnitafon “yo‘q bo‘lib” qoladi...
2015 yil 4 fevral. Kamandi ko‘chasidagi sartaroshxonadan 1 mln. 200 ming so‘mlik noutbuk  g‘oyib bo‘ldi. “Bosh rollar”da yana Jasur, Kamol, Otabek...

Ertasi kuni. Jayxun ko‘chasidagi mehmona ro‘parasidagi “Paynet” shoxobchasidan “dvijok”, ovoz kuchaytirgich, modem singari jami 1 mln. 960 ming so‘mlik buyum va pul o‘g‘rilab ketildi. 
1 aprel kunida Jasur, Kamol va Otabek Qarshi muhandislik-iqtisodiyot  instituti avtoturargohida turgan “Damas”dan audiomagnitafon, to‘shamalar, pul singari jami 150 ming so‘mlik mulkni talon-taroj qilishdi.
5 aprelga o‘tar kechasi. Jasur, Kamol va Otabek yana bedor edi. Qarshi shahri 6-mittitumanda joylashgan “Fazo” savdo do‘konidan jami 1 mln. 860 ming so‘mlik parfyumeriya va oziq-ovqat mahsulotlarini  o‘g‘rilashdi. 
6 aprelga o‘tar kechasi. Amir Temur ko‘chasi, 118-B uyda joylashgan savdo do‘konidan  2 mln. 800 ming so‘mlik televizor va 30 ming so‘m pul o‘g‘rilandi. Yana Jasur, Kamol, Shahboz...
10 aprelga o‘tar kechasi. Jasur, Kamol va Shahboz O‘zbekiston  ko‘chasidagi 426-savdo do‘konidan 2 mln. 500 ming co‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari va 1 mln. 500 ming so‘mlik noutbukni o‘g‘rilab ketishdi... 
11 aprelga o‘tar kechasi. Qarliqbog‘ot ko‘chasida joylashgan kiyim-kechak do‘koni esa shu kecha 6 mln. 630 ming so‘mlik erkaklar va bolalar kiyim-kechaklari hamda pulidan ayrilib qoldi. Jasur, Kamol va Shahboz esa bu paytda bemalol “o‘lja taqsimoti” bilan ovora edi... 

2014 yil 30 avgust kuni ikkovlon “Eski bozor” huddudida turgan “Damas”dan 1 mln. 271 ming so‘m puli bo‘lgan plastik kartochkani o‘g‘rilab, pulini shaxsiy ehtiyojlariga ishlatib yuborishgan. 2015 yil anvar oyining o‘rtalarida “Paxtazor” mitti tumanidagi 15-maktab oldidagi ko‘p qavatli uylar yonida turgan “Damas”dan 170 ming so‘mlik audiomagnitafonni, 2015 yilning 9 fevral kuni “Orzu” bozori yonida to‘xtagan “Damas”dan 1 mln.so‘mlik noutbukni o‘g‘rilashgan.
Endi bu ishlarga aralashib qolgan Maftuna Bo‘riyevaning qilmishlari haqida to‘xtalsak. Tanishi Maftunaning buyurtmasiga ko‘ra, 2014 yil 30 aprel kuni Jasur Qarshi shahri “Paxtazor” mittitumani hududida turgan “Neksiya”ning old buferidagi davlat raqamlarini yechib oladi. 2014 yil 7 mayga o‘tar kechasi Qarshi shahri, 3-mittituman 71-uyning oldida turgan “Neksiya”ning davlat raqamini o‘z maqsadlarida foydalanish uchun o‘g‘rilashgan. Keyinchalik bir “Damas”, bir “Spark”ka tegishli davlat raqamlarining taqdiri ham shunday bo‘ldi.

Ma'lum bo‘lishicha, ikki nafar farzandi bilan birinchi turmush o‘rtog‘idan ajrashib, boshqasiga turmushga chiqqan Maftuna erini rashk qilib, uni kinodagi detektivlardek kuzatishga kirishgan. Kuzatuv jarayonida turmush o‘rtog‘i mashinasini tanib qolmasligi uchun boshqa davlat raqamlaridan foydalanishni rejalashtirgan...

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi shahar sudida mazkur sudlanuvchilarning jinoyat ishlari ko‘rildi. Ularning jinoyatlari tegishli dalil va guvohlarning ko‘rsatuvlari orqali o‘z isbotini topdi va yigitlarning qilmishiga yarasha jazo tayinlandi.

Maftuna Bo‘riyevaga esa jinoyat kodeksining tegishli moddasiga ko‘ra eng kam ish haqining 25 baravari miqdorida jarima jazosi tayilandi.