Putin Rossiya va G‘arb o‘rtasidagi keskin munosabatlar sababli XKSda qolib ketishdan xavotirlanayotgan britaniyalik fazogirni tinchlatdi
Hozirda Xalqaro koinot stansiyasida bo‘lgan britaniyalik fazogir Timoti Pik ruslar G‘arb bilan keskin munosabatlar sababli uni Yerga qaytarishni rad etishlaridan xavotir bildirmoqda. Bu haqda Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Tobias Elvudga iqtibos keltirgan holda Daily Mail nashri xabar bermoqda.
"Gap shundaki, mayor Pik mening do‘stim. Men o‘tgan yili Bokudagi Yevropa o‘yinlarida Vladimir Putin bilan tasodifan uchrashganimda, unga bizning fazogir agar Rossiya va G‘arb o‘rtasida munosabatlar yomonlashsa, fazoda qolib ketishidan xavotirlanayotganini aytgandim. O‘shanda Putin mening qo‘limni siqib, "Janob Elvud, janob Pikka yetkazib qo‘ying, biz uni tashlab qo‘ymaymiz", degandi", deb eslamoqda diplomat.
Mayor Timoti Pikning xavotirini tushunsa bo‘ladi, chunki Rossiyaning "Soyuz" fazo kemasi fazogirlarni yer atrofidagi orbitaga yetkazadigan va orqaga qaytaradigan yagona kema hisoblanadi. Pik XKSga baynalminal ekipaj tarkibida 2015 yil dekarbida yetkazilgan edi. Fazogir Yerga sentabrda qaytarilishi kerak, shuning uchun Pik o‘z taqdiri haqida xavotirlana boshlagan va o‘zining diplomatik doiradagi aloqalarni "ishga solishga qaror qilgan".
Putin Kosmonavtika kuni sifatida nishonlanadigan 12 aprelda XKS ekipaji bilan gaplashgandi. Putin o‘shanda NASA fazogiri Timoti Kopra va Timoti Pikka tabriklari uchun minnatdorchilik bildirgandi.