Turkiya sudi jangarilarga qurol-aslaha yetkazib berilishi haqida gapirib bergan jurnalistlarga jazo hukmini chiqardi
Istanbul sudi davlat sirini oshkor qilgan jurnalistlar Jon Dyundar va Erdem Gulni qamoq jazosiga mahkum qildi. Jurnalistlar Turkiya tomonidan suriyalik jangarilarga qurol-aslaha yetkazib berilgani haqida ma'lumot berishgan. Bu haqda Reuters axborot agentligi xabar berdi.
Cumhuriyet muxolif gazetasi bosh muharriri Dyundar 5 yilu 10 oyga, shu gazeta muxbiri Gul esa 5 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Prokuratura umrbod qamoq jazosi talab qilgan jurnalistlar boshqa bir qator ayblovlar, jumladan davlat to‘ntarishi sodir etishga urinish ayblovi bo‘yicha oqlandilar.
Dyundar va Gul Oliy sudda apellyatsiya ko‘rib chiqilgungacha ozodlikda qoladilar.
Hukm chiqarilishidan bir necha soat avval sud binosi oldida Dyundarga suiqasd uyushtirildi. Qurollangan kimsa jurnalistni "sotqin" deb atab, uni otmoqchi bo‘lgan. Jurnalist jabrlanmagan, bosqinchi qo‘lga olingan.
Dyundar va Gul 2015 yil noyabrda suriyalik jangarilarga Turkiya tomonidan noqonuniy tarzda qurol-aslaha yetkazib berilishi haqidagi maqolalari uchun hibsga olinganlar. Jurnalistlarga qurollangan terrorchilik guruhlariga xayrixohlik qilish va josuslik bo‘yicha ayblovlar e'lon qilingan.
Turkiya hukumati bu ma'lumotlarni rad etgach, Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an jurnalistlar ustidan sudga da'vo arizasi topshirgan. Erdo‘g‘an jurnalistlarga umrbod va yana qo‘shimcha 42 yil qamoq jazosi berilishini talab qilgan. Turli davlatlardan 100 nafar yozuvchi Turkiya bosh vaziri Ahmet Dovudo‘g‘lu nomiga jurnalistlardan ayblovlarning olinishini so‘rab maktub yo‘llagan.