Jamiyat | 19:24 / 10.05.2016
7829
2 daqiqa o‘qiladi

Britaniyalik baronessa 22 yoshli vetnamlik yigitni kichkintoy deb o‘ylab qo‘liga ko‘tarib oldi

Meyfer baronessasi, ilg‘or jamoatchi va ichki kiyimlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi Ultimo brendi asoschisi Mishel Mone 22 yoshli vetnamlik yigitni kichkina bola deb adashtirdi. Bu haqida The Mirror nashri xabar beradi.

U Vetnamdagi tadbirkorlar konferensiyasida qiziq holatga tushdi. Uning uch ming tinglovchi oldida so‘zlagan nutqidan keyin sahnaga qo‘lida guldasta bilan Ten Fat Nguyen ismli vetnamlik chiqib keldi. 

Baronessa uni olti yoshli bolakay deb o‘ylab uni birga suratga tushish uchun qo‘liga ko‘tarib oldi.

Bir qator nashrlarda birinchi qatorda o‘tirgan noma'lum ayol uni darhol yerga qo‘yishni talab qilgani hamda u ayol yigitning turmush o‘rtog‘i ekanligi haqida xabar berishgan. Shu vaqtda zalda kulgi ko‘tarilgan.

Biroz muddatdan so‘ng baronessa o‘z tvitterida bu voqeadan juda mulzam bo‘lganini bildirdi. 

Nguyen - ko‘chmas mulk bo‘yicha agent sifatida xizmat qiladi. U konferensiyada ro‘y bergan holatni tasdiqladi, biroq uning turmush o‘rtog‘i yo‘qligini ta'kidladi. Moneni esa o‘zining kumiri deya atadi.