Sport | 17:02 / 10.05.2016
3727
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: "Lester" xo‘jayini futbolchilarga kazinoda sarflashi uchun 10 ming funtdan pul berdi

"Lester" jamoasi futbolchilari klub xo‘jayini Vishaya Shrivaddanaprabxadan mavsum chempionligini kazinoda nishonlash uchun 10 ming funtdan mukofot olgan. Bu haqda The Daily Mirror xabar tarqatgan.

Qayd etish kerakki, Shrivaddanaprabxa bundan avval ham bir necha marta o‘z saxiyligini namoyish etgandi.

Mavsumning 32-turida, "Sauthempton"ga qarshi uchrashuv arafasida Shrivaddanaprabxaning tug‘ilgan kuni munosabati bilan maydonga tashrif buyurgan muxlislarning har biriga 1 butilkadan pivo yoki suv hamda shirinliklar tarqatilgandi.

36 turdan keyin, "Chelsi" va "Tottenhem"ning o‘zaro o‘yinida 262 hisobida durang qayd etilishi evaziga muddatidan oldin mavsum chempioniga aylangan jamoa futbolchilarining har biriga mukofot tariqasida "Mersedes" avtomobillari berildi. Shuningdek, jamoa futbolchilari ta'til vaqtida Las-Vegasga sayohat qilishi tashkillashtiriladi.

Mavsum yakunlariga ko‘ra, "Lester" 93 mln funt sterling (136 mln dollar) mablag‘ ishlab oladi. Shundan 54 mln funtlik qismi o‘yinlarning  teletranslyatsiyasi huquqlari sotilishi evaziga, 14 mln funt esa Sky va BT Sport telekompaniyalaridan jamoaning 16 uchrashuvini televideniye orqali namoyish etganlik uchun, shuningdek 25 mln yevro turnirdagi g‘alaba bonusi sifatida olingan.

"Lester" mavsumning oxirgi o‘yinini 15 may kuni safarda "Chelsi"ga qarshi o‘tkazadi.