O‘zbekiston | 17:23 / 10.05.2016
3318
2 daqiqa o‘qiladi

TIVda O‘zbekiston-Belgiya vazirliklararo siyosiy maslahatlashuvlari o‘tkazildi

2016 yilning 10 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida O‘zbekiston-Belgiya vazirliklararo siyosiy maslahatlashuvlarining beshinchi raundi bo‘lib o‘tdi

Maslahatlashuvlarda ishtirok etish uchun O‘zbekistonga Belgiya Qirolligi Tashqi ishlar vazirligining ikki tomonlama munosabatlar bo‘yicha bosh direktori Geyert Muylle boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurgan.

Muzokaralar chog‘ida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi ikki tomonlama munosabatlarning muhim jihatlari muhokama qilindi.

Ta'kidlanganidek, turli darajalardagi O‘zbekiston-Belgiya muntazam muloqoti nafaqat tomonlarni qiziqtirgan sohalardagi aloqalar holatini aniqlash, balki xalqaro tashkilotlar doirasidagi va boshqa jabhalardagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash va rivojlantirish imkonini yaratadi.

Uchrashuvda ayrim xalqaro va mintaqaviy muammolar yuzasidan ham fikr almashildi.

Belgiya delegatsiyasining Toshkentda bo‘lishi chog‘ida Oliy Majlis va Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligida uchrashuvlar va muzokaralar o‘tkazish rejalashtirilgan.