Arablar Lexus LXni kabrioletga aylantirishdi
BAAdagi dilerlik markazi Lexus LX 570 yo‘ltanlamasining kabrioletga aylantirilgan rusumini savdoga qo‘ydi. Yengil, yig‘iluvchi tomga ega avtomobil 1,3 million dirham (350 ming AQSh dollariga yaqin)ga sotilmoqda.
Uning intereri va kuch uskunasi o‘zgartirilmagan. Odatdagi Lexus LX 570 5,7 litrlik 367 ot kuchini beruvchi sakkiz silindrli dvigatelga ega. U sakkiz bosqichli avtomat uzatmalar qutisi bilan birga mashinani harakatlantiradi. Yo‘ltanlamas 100 km tezlikka 7,7 soniyada erisha oladi.
Ammo mashinani qaysi kompaniya qayta ishlagani noma'lum. E'longa ko‘ra, kabriolet yangi va unga oddiy kafolat joriy qilinadi.
Ma'lumki, hozircha faqat Land Rover kompaniyasi yo‘ltanlamas kabrioletni seriyali ishlab chiqaradi. Range Rover Evoque krossoveri negizida ishlab chiqilgan modelning yumshoq tomi 18 soniyada yig‘iladi, 21 soniyada tiklanadi.