Jahon | 08:51 / 11.05.2016
8497
3 daqiqa o‘qiladi

Buyuk Britaniya bosh vaziri Afg‘oniston va Nigeriya haqida "kurakda turmaydigan so‘zlar" aytdi

Buyuk Britaniya bosh vaziri qirolicha Yelizaveta II ning 90 yoshi munosabati bilan Bukingem saroyida 10 mayda o‘tgan qabul davomida diplomatik xatoga yo‘l qo‘yib, Nigeriya va Afg‘onistonni eng korrupsiyalashgan davlatlar deb atadi. Bu ikki davlat yetakchilari boshqa yetakchilar qatorida Londonda bo‘lib o‘tadigan aksilkorruptsion sammitda ishtirok etadilar.

The Daily Mail ma'lumotlariga ko‘ra, bosh vazirning Kenterberiy arxiyepiskopi Jastin Uelbi va parlament quyi palatasi spikeri Jon Berkou bilan suhbati videokameraga o‘rnatilgan mikrofon yordamida yozib olingan. "Nigeriyaliklar keladi, haqiqatda Britaniyaga fantastik ravishda korrupsiyalashgan davlatlar yetakchilari keladi. Nigeriya va Afg‘oniston, menimcha dunyodagi eng  korrupsiyalashgan ikki davlat bo‘lsa kerak", deb aytgan bosh vazir.  

Qirolicha bosh vazirning bu so‘zlariga hech qanday izoh bermagan, biroq arxiyepiskop Nigeriya prezidenti Muhammad Buxoriy korrupsiyalashgan prezidentlar qatoriga kirmasligini aytgan. Berkou esa bosh vazirdan "Ular o‘z pullariga kelayotgan bo‘lsalar kerak, shundaymi?", deb so‘ragan. Kemeron ularga tasdiq javobini bergan.

Bosh vazir devonxonasi vakili "Bosh vazir bu suhbat yozilishi mumkinligi haqida bilganmidi?" degan savolga "Xonada bir necha kameralar bo‘lgan" deb javob bergan.

Kemeronning bu so‘zlariga Nigeriya va Afg‘onistonda izoh berildi. Buxoriy Buyuk Britaniya bosh vazirining aytgan so‘zlari uni karaxt qilganini aytgan, afg‘onistonlik yuqori lavozimli amaldor esa bu ta'rifni adolatsiz deb atagan.

2015 yil sentabrda ham Kemeron mikrofon o‘chiq deb o‘ylagan holda Yorkshir grafligi aholisi haqida yoqimsiz so‘zlar aytgan. Jumladan u yorkshirliklarni "nafaqat hammani yomon ko‘rishlarini, balki bir-birlarini ham ko‘rishga ko‘zlari yo‘qligini" aytgandi. O‘sha oyning o‘zida Kemeron Nyu-Yorkning sobiq meri Maykl Blumberg bilan suhbatda qirolicha Yelizaveta II Shotlandiya mustaqilligi tarafdorlari yutqazganlaridan xabar topgach "deyarli mushukka o‘xshab miyovladi" deb aytgandi. Keyinroq u qirolichadan bu beandishaligi uchun uzr so‘ragan.