NASA Merkuriyning batafsil xaritasini namoyish etdi
Amerikaning fazoviy agentligi NASA Quyosh tizimidagi birinchi sayyora Merkuriyning batafsil topografik xaritasi va shimoliy qutbiga oid yuqori sifatli xaritani namoyish qildi.
NASA tomonidan taqdim etilgan animatsion xaritada sayyoraning eng yuqori nuqtalari mallarang bilan bo‘yalgan, quyiroq hududlari esa qizil va sariq rangda. Pasttekisliklar ko‘k va binafsharangga bo‘yalgan. Sayyoraning eng yuqori nuqtasi 4,48 kilometrni tashkil etib, ekvatordan janubda joylashgan. Eng chuqur nuqtasi esa Raxmaninov havzasida joylashgan bo‘lib, chuqurligi 5,38 kilometrdan iborat.
Yangi xarita Merkuriy relefining xususiyatlarini to‘liq ko‘rish imkonini beradi. Uni ishlab chiqishda MESSENGER (MErcury Surface, Space ENvironment, GEochemistry, and Ranging) avtomatik stansiyasi ma'lumotlaridan foydalanilgan. Yangi xarita uskunaning salkam 100 ming suratini birlashtirish bilan hosil qilingan.
Mendelson havzasidagi shimoliy qutb suratida ulkan krater zarbasini ko‘rish mumkin. Uning diametri 291 kilometrni tashkil etadi. U lava bilan to‘lgani ehtimol. Umuman, MESSENGERning aniqlik kiritishicha, avvallari sayyoraning shimoliy qismi butunlay lava bilan qoplangan bo‘lgan. Uning maydoni AQSh hududining 60 foizini tashkil etadi.
Stantsiya 4 yil davomida Merkuriy yuzasini, ekvator va shimoliy qutb tumanlarini batafsil o‘rgangan. MESSENGERning sayyora atrofidagi trayektoriyasi kuchli cho‘zilgani sabab, uning janubiy qutbini o‘rganishning imkoni bo‘lmagan.
Umuman, MESSENGER Yerga 10 terabayt ma'lumotlarni yuborgan, ularning orasida 300 ming tasvir ham bor.
MESSENGER 2004 yil 3 avgust kuni Kanaveral burni kosmodromidan Delta II vositasida fazoga olib chiqilgan edi. Qurilma Merkuriy orbitasiga 2011 yil 18 martida yetib borgandi. MESSENGER 7,9 milliard kilometrni ortda qoldirish uchun Quyosh atrofida 15 marta aylanishiga to‘g‘ri kelgan. Shu bilan birga, Merkuriy atrofida 3marta, Venera atrofida 2 va bir marta Yer atrofida aylangan. Apparat 2015 yil aprelida ishini to‘xtatgan.
Merkuriy — Quyosh tizimining eng mitti va yengil sayyorasidir. U Yerdan deyarli 20 marta yengilroq. Ammo o‘rtacha zichligi Yerniki kabidir. Sayyorada bir yil Yerning 88 kuniga teng. Uning sun'iy yo‘ldoshlari yo‘q.