Jahon | 18:08 / 11.05.2016
4800
2 daqiqa o‘qiladi

Poroshenkoning qo‘shnilari uyini vertolyotdagi noma'lum shaxslar o‘qqa tutdi

Kiyev yaqinida joylashgan Kozin posyolkasidagi Ukraina prezidenti Petro Poroshenkoning qo‘shnilari uyini noma'lum shaxslar vertolyotdan turib otib ketishdi. Bu haqda TSN telekanali xabar qildi. 

Uy tadbirkor er-xotinlar Vladimir Kosterin va Natalya Jilinalarga tegishli. Guvohlarning aytishicha, ulkan vertolyot olovli o‘qlar uzgan. Hujumga qo‘riqchi, uy egalarining voyaga yetmagan o‘g‘li va uy bekasi guvoh bo‘lgan. 

Snaryadlarning biri Ukraina prezidenti uyining yoniga borib tushgan. 

Uy egalarining advokati Aleksandr Lupeykoning so‘zlariga ko‘ra, bu Mi-8 vertolyoti bo‘lgan.

“Uch marta o‘q uzilgan. Keyin ma'lum bo‘lishicha, bu yondiruvchi o‘q-dorilar bo‘lgan. Aynan shu uyni nishonga olingan deb hisoblashga asoslar bor. O‘qlar uzib bo‘linishi bilan vertolyot uchib ketgan”, bildirdi u.

“Yong‘in yo‘li bilan mol-mulkka qasddan ziyon yetkazish” moddasi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.