Sport | 11:04 / 11.05.2016
2522
3 daqiqa o‘qiladi

«Vest Hem» «MYu» avtobusiga hujum uyushtirgan muxlislarni bir umrga stadionga kirishdan mahrum qilmoqchi 

Angliyaning «Vest Hem» klubi rahbariyati London shahri politsiyasi bilan hamkorlikda «Manchester Yunayted» futbolchilari joylashgan avtobusga hujum uyushtirgan muxlislarni shaxsini aniqlash va ularni bir umrga futbol uchrashuvlaridan chetlatishga harakat qiladi. Bu haqda klub rasmiy saytida berilgan bayonotda ma'lum qilingan. 

«Bu sehrli lahzalarga boy ajoyib oqshom edi. Stadionga kelgan 99 foiz muxlislar o‘zlarini mukammal darajada axloqli tutishdi. Biz tvitter orqali minglab muxlislardan mana shunday ajoyib oqshomning bir qismi bo‘lganidan xursand ekanliklari bitilgan nomalar oldik. 

Shunga qaramay, biz «Boleyn Graund» stadioni atrofida o‘zini madaniyatsizlarcha tutgan va «Manchester Yunayted» futbolchilari avtobusiga hujum uyushtirgan muxlislarning ishini noto‘g‘ri deb bilamiz. Klub bu vaziyatni shunday qoldirmaydi va tez orada mahalliy politsiya bilan hamkorlikda mazkur voqeada qatnashganlarni aniqlash bo‘yicha tergov ishlarida hamkorlik qiladi va ularni bir umrga futbol uchrashuvlaridan chetlatish uchun harakat qiladi», deyiladi klub rasmiy sayti bayonotida. 

Eslatib o‘tamiz, Angliya premer-ligasining 35-tur kechiktirilgan uchrashuvi doirasidagi «Vest Hem» va «Manchester Yunayted» jamoalari uchrashuvi (3:2) oldidan mezbon klub fanatlari mehmon jamoa futbolchilari joylashgan avtobusga shisha idishlar va toshlar uloqtirib hujum qilishgan. Noxush voqea sababli uchrashuv «MYu» futbolchilari chigilyozdi mashqlarini bajara olishlari uchun birozga surilib, Toshkent vaqti bilan soat 23:45da boshlanish o‘rniga soat 00:30da boshlangandi. 

Bu londonliklarning «Boleyn Graund» (sobiq «Apton Park») stadionidagi oxirgi uchrashuvi edi. Jamoa keyingi mavsumdan Olimpiya stadionida uy uchrashuvlarini o‘tkaza boshlaydi. Yangi stadion yiliga 2,5 mln funtdan to‘lash sharti bilan 99 yil muddatga ijaraga olingan. 112 yil davomida xizmat qilgan eski stadion esa buzib tashlanadi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish