Jurnalist o‘limida ayblangan ozarbayjonlik futbolchiga 4 yillik qamoq jazosi tayinlanishi mumkin
Ozarbayjonda jurnalist Rasim Aliyevning vafotidan so‘ng, uni do‘pposlash ishi doirasida hibs qilingan «Gabala» futbol klubi yarim himoyachisi Javid Guseynov 4 yilga qamalishi mumkin.
11 may kuni o‘tkazilgan sud ishida davlat ayblovchisi Guseynovni 4 yilga ozodlikdan mahrum etish bilan jazolashni talab qilgan.
Guseynov Ozarbayjon respublikasi Jinoyat kodeksining 307.1 va 307.2 moddalari («Og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyatlarga tayyorgarlik ko‘rilayotganligi yoki sodir etilganligi haqida bila turib xabar qilmaslik» va «Og‘ir jinoyatlarni oldindan va'da bermasdan yashirish» moddalari) bo‘yicha ayblangan.
2015 yilning yozida ozarbayjonlik jurnalist Rasim Aliyev o‘zi tanqid qilgan futbolchining «qarindoshlari» tomonidan o‘lgunicha do‘pposlab ketilgandi.
Rasim Aliyev 9 avgust kuni kasalxonada vafot etgan. U «Gabala»ning Yevropa Ligasi 3-saralash bosqichi doirasida Kiprning «Apollon» klubiga qarshi o‘yinidan keyingi futbolchining xulqini tanqid ostiga olgandi. 27 yoshli futbolchi o‘sha o‘yindan so‘ng maydon bo‘ylab Turkiya bayrog‘ini ko‘targancha yugurgan va haqoratli imo-ishora harakatlarini amalga oshirgandi.
Bu ish doirasida futbolchidan tashqari yana besh kishi — uning qarindoshi Elshan Ismaylov, shuningdek, tanishlari — Jamal Mamedov, Arif Aliyev, Kyanan Madatov va Samir Mustafayev hibsga olingandi.
Sudning navbatdagi yig‘ilishi 16 may kuni o‘tkaziladi.