Afg‘oniston rahbari: Kemeronning korrupsiyaga oid so‘zlari o‘tmishga tegishli
Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘anining bayonot berishicha, Buyuk Britaniya bosh vaziri Devid Kemeronning Afg‘oniston fantastik jihatdan korrupsiyalashgani haqidagi fikrlari mashmasha yasashga arzimaydi.
Kemeron qirolicha Yelizaveta II, arxiyepiskop Jastin Uelbi va umumpalata spikeri Jon Berkou bilan suhbatida mikrofonning o‘chirilmaganidan xabarsiz holda "Nigeriya va Afg‘oniston – ehtimol dunyoning eng korrupsiyalashgan ikki davlatidir", degan fikrlarni bildirgan.
G‘anining fikricha, Britaniya bosh vaziri Afg‘onistondagi korrupsiya xususida gapirganida o‘tmishni nazarda tutgan.
"U o‘tmish qoldiqlarini tasvirlagan. Ko‘plab arboblar, jihatlar sayyoraning eng poraxo‘r davlatlaridan biri paydo bo‘lishiga olib kelgan. Ammo bu, xalqimiz istayotgan narsa emas. Shu sababli, afg‘on xalqi qonun ustuvorligi, shaffofligiga erishish yo‘lida meni tanladi", deya Ashraf G‘ani so‘zlaridan iqtibos keltiradi Guardian gazetasi.
U Hamdo‘stlik (Commonwealth) mamlakatlarining korrupsiyaga qarshi kurash mavzusida Londonda boshlanadigan anjumani arafasida shunday fikrlarni bildirgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Angliya XVIII asrda ommaviy korrupsiya qayd etilgan birinchi davlat bo‘lgan. "Bunday salbiy ko‘rinishga barham berish o‘nlab yillarni talab etdi".
Endilikda Afg‘oniston ham o‘tish davrini boshidan kechirmoqda.
"Bizning bosh prokurorimiz islohotchi, Oliy sud ham shunday, shu maqsadda 600dan ortiq hakamlarni almashtirdik, prokurorlik sohasini ham o‘zgartirishga urinmoqdamiz, keyin esa politsiya sohasiga navbat keladi", deya qayd etgan prezident G‘ani.