12:28 / 12.05.2016
12310

AQShda elektrik baggi va 2000 ot kuchiga ega gibrid fura ishlab chiqarilishi mumkin

Amerikaning Solt-Leyk-Siti shahrida joylashgan Nikola Motor Company (Nikola Tesla sharafiga nomlangan) kompaniyasi 520 ot kuchiga ega bo‘luvchi elektrik baggi ishlab chiqish rejalarini oshkor qildi. Bundan tashqari, Amerika kompaniyasi 2000 ot kuchiga ega o‘ta kuchli gibrid furasi ishlab chiqarmoqchi. 

Ma'lumotlarga ko‘ra, Nikola Zero baggisi yengillashtirilgan ramada barpo etiladi va 50 kvt/soat quvvatga ega batareyalar bilan jihozlanadi. U bir marta quvvatlangach, 160dan 240 km.gacha yura oladi. Mashinaning yo‘l bilan oralig‘i 368 millimetrga teng bo‘ladi. Yangilik 3 soniyada 100 km/soat tezlikka erisha oladi. Nikola Zero’ning narxi 42 ming dollarni tashkil etadi. 

Nikola Motor Company firmasi, bundan tashqari, One deb nomlangan gibrid furasi ustida ham ish olib bormoqda. Kompaniya rahbari Trevor Miltonning so‘zlariga ko‘ra, mashinaning aksar qismi mustaqil ravishda ishlab chiqiladi, biroq yangilik Meritor firmasi bilan hamkorlikda yaratilgan "birinchi mustaqil podveska"ga ega bo‘ladi.

Nikola Onega 320 kilovatt-soat hajmli batareya o‘rnatiladi. U har qanday yoqilg‘ida ishlay oladigan turbina yordamida quvvatlanib, 1930 km. masofani bosib o‘ta oladi. Yuk mashinasining narxi – 375 ming AQSh dollariga baholanmoqda. 

Ayni vaqtda, Nikola Motor Zero va One bo‘yicha buyurtmalar qabul qila boshlagan. To‘lov tegishli ravishda 750 va 1500 dollardan iborat. Kompaniya 2016 yil oxirigacha ularning ishchi prototiplarini namoyish etishini ma'lum qilmoqda.

Top